Jamiyat | 08:57 / 12.11.2019
8401
5 daqiqa o‘qiladi

Foydalanilmayotgan obektlarga soliq mexanizmlarini qo‘llash tartibida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Foto: Shutterstock

Davlat soliq qo‘mitasida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 avgustdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘quv seminari o‘tkazildi.

DSQ matbuot xizmatiga ko‘ra, unda foydalanilmayotgan obektlarga nisbatan ta'sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar, “Foydalanilmayotgan obektlar hisobini yuritish” avtomatlashgan dasturiy mahsulidan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Seminarda qayd etilganidek, bo‘sh turgan obektlarga idoralararo komissiya xulosasi asosida oshirilgan stavkalarda soliq hisoblash amaliyotiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Prezidentning 2019 yil 8 noyabrdagi PF-5868-sonli farmoniga asosan 2019 yil 13 noyabrdan boshlab 2017 yil 23 fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2796-sonli hamda 2018 yil 4 sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3928-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotadi.

Muddat va stavkalarda qanday o‘zgarishlar?

Avvalgi qonunchilik bo‘yicha mol-mulk va yer soliqlari o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 6 oygacha – ikki barobar, 6 oy o‘tgandan so‘ng – besh barobar, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik o‘n barobar miqdorida qo‘llanilgan.

Joriy etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, mol-mulk va yer soliqlari o‘rnatilgan stavkaga nisbatan 3 oyga qadar ikki barobar, 3 oy o‘tgandan so‘ng – besh barobar, 6 oy o‘tgandan so‘ng – o‘n barobar, 12 oydan boshlab kelgusi har 12 oyda oxirgi oshirib qo‘llanilgan miqdorning ikki barobariga teng miqdorda belgilanadigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, soliq solish rejimi o‘zgarishini talab qiladigan norma bekor qilindi. Ya'ni amaldagi norma bo‘yicha yuridik shaxslar – soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni soddalashtirilgan tartibda to‘lashdan umumbelgilanganga o‘tkazilgan.

Joriy qilingan yangi norma bo‘yicha bo‘sh turgan obekt egasi yuridik shaxs – soddalashtirilgan tartibda soliq to‘lash rejimini saqlab qoladi.

Bo‘sh turgan obektlarga amaldagi tartib bo‘yicha qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan barcha soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishi to‘xtatilishi belgilangan.

Davlat soliq xizmati organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sirchan soliq mexanizmini qo‘llash vakolati berildi. Bunda tuman (shaharlar)dagi ishchi guruh va sektor rahbarlari tomonidan xatlov o‘tkazish, xatlov natijalarini ishchi organga taqdim etish, ishchi organ tomonidan tasdiqlash uchun Idoralararo komissiyaga kiritish va xulosalar chiqartirish kabi jarayonlar soddalashtirildi.

Xususan, bularning o‘rniga bo‘sh turgan obektlar davlat soliq xizmati organlari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadigan tizim joriy qilindi.

To‘lovni qaytarish va boshqa me'yorlar

Endilikda tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalanilmayotgan obekt xo‘jalik faoliyatiga jalb qilinganda ta'sirchan soliq mexanizmini qo‘llash natijasida oxirgi 12 oy uchun to‘langan soliq summalari obekt mulkdoriga qaytariladi.

Mulk qiymati mavjud bo‘lmagan yoki qiymati “0”ga teng bo‘lgan obektlarga nisbatan soliq hisoblash amaliyotiga aniqlik kiritildi.

Avvalgi tartib bo‘yicha mol-mulkning qiymati mavjud bo‘lmaganda yoki “0”ga teng bo‘lganda obektlarga nisbatan soliq hisoblash imkoniyati mavjud bo‘lmagan.

Joriy qilingan yangi norma bo‘yicha mol-mulkning shartli qiymati har bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining Toshkent shahrida 8 baravari; Nukus shahri, viloyat markazlari hamda respublika va viloyatga bo‘ysunuvchi yirik shaharlarda 4 baravari; boshqa shaharlar va qishloq joylarida 2 baravari miqdorida belgilanadi. Bunda obektning foydalanilmayotgan maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganda, hisoblangan soliq summasiga 1,5 baravar miqdordagi ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladigan bo‘ldi.

“Foydalanilmayotgan obektlar hisobini yuritish” avtomatlashgan dasturiy mahsulida inson omilini cheklagan holda, foydalanilmayotgan obektlar mulkdorlariga ogohlantirish xatlarini yuborish, ta'sirchan soliqlarni belgilangan muddatlarda hisoblash, ishga tushirilgan obektlar bo‘yicha to‘langan soliqlarni qaytarish imkoniyati yaratildi.

Mavzuga oid