O‘zbekiston | 20:00 / 13.11.2019
3481
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xorijiy investorlar kengashi tuzilmoqda - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida xorijiy investorlar kengashini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror O‘zbekistondagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga va boshqa muhim sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda sifatli investitsiya jarayonlarini tashkil etish maqsadida qabul qilinmoqda.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi tuzilmoqda.

Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • ilg‘or jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar berish;
  • qulay investitsiya muhitini shakllantirishda, mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va hududlarga raqobatbardosh eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish maqsadida sarmoya kiritishlarini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish, shuningdek, investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga va o‘zaro manfaatli savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiya va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta'minlash;
  • investitsiyalarni jalb qilish va investorlarning, shu jumladan, xorijiy investorlarning faolligiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillarni aniqlash va tahlil qilish, respublikada qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini saqlab turishni ta'minlash;
  • davlat organlari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalarning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari bilan investitsiya jarayonlariga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan samarali takliflarni ishlab chiqish;
  • eksportni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga, savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini izchil rivojlantirishga, mahalliy tovarlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun qulay sharoitlar yaratishga, samarali transport yo‘laklari, zamonaviy logistika zanjirini shakllantirishga ko‘maklashish;
  • mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini ta'minlashning bosqichma-bosqich choralarini ko‘rish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish jarayonlariga ijobiy xorijiy tajribani joriy etish;
  • O‘zbekiston Respublikasida investitsiyaviy faoliyatni tartibga solish sohasidagi huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro imijini, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat organi hisoblanuvchi Kengash tarkibi O‘zbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining rahbarlari va vakillari, shuningdek, boshqa ishtirokchilar orasidan belgilangan tartibda shakllantiriladi.

Prezident qarori bilan Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi to‘g‘risidagi nizom va O‘zbekiston tomoni tarkibi tasdiqlangan.