O‘zbekiston | 19:05 / 13.11.2019
1521
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Jahon sayyohlik tashkilotining vakolatxonasi ochiladi

BMT qoshidagi Jahon sayyohlik tashkiloti Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda 13 noyabr kuni «Ipak yo‘lida turizm» xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ma'lum qilindi.

«Ushbu vakolatxona Ipak yo‘lida joylashgan 34ta mamlakatga «Ipak yo‘li» dasturini amalga oshirishda yordamchi vazifasini o‘taydi», – dedi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulov.

Abdulaziz Aqqulov / Foto: "O‘zbekturizm"

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib o‘tgan tadbirda Jahon sayyohlik tashkilotining Yevropa mamlakatlari departamenti rahbari Piter Yanich ham so‘zga chiqqan.

«O‘zbekistonning ziyorat turizmidan tashqari agroturizm salohiyati ham ancha yuqori ekaniga guvoh bo‘ldim. Butunjahon turizm tashkiloti vakili sifatida O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurdim. Birinchi kuni Toshkent shahri bo‘ylab qilgan kichik sayohatim taassurotlarga boy bo‘ldi. O‘zbek taomlaridan ham juda lazzatlandim.

Piter Yanich

Keyingi yili biz Yevropa Komissiyasining 65-sessiyasini O‘zbekistonda o‘tkazamiz. Bu tashkilotga a'zo davlatlar O‘zbekistonning boy madaniy tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. «Ipak yo‘lida turizm» 25-xalqaro ko‘rgazmasi doirasida esa qo‘shma loyihalar qilish niyatidamiz», – dedi Piter Yanich.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid