Jamiyat | 22:22 / 14.11.2019
55822
12 daqiqa o‘qiladi

Muhojirlar hasrati. Xususiy bandlik agentligi orqali Latviyaga ishga borganlarning hikoyasi qanchalik haqiqat?

Kun.uz tahririyati elektron pochtasiga Latviyaga ishlash uchun ketgan o‘nlab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan murojaat kelib tushdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ularning barchasi Toshkent shahridagi «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJ tomonidan shu yilning yozida Riga shahriga ishga yuborilgan. Ta'kidlanishicha, xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzilayotgan vaqtda va'da qilingan yaxshi ish, yetarli sharoitga ega yotoqxona va mo‘may daromad ularni yanada ruhlantirib, xorijga tezroq ketish istagini kuchaytiradi. Ammo musofir yurtga borib, bir oycha ishlashgach, barcha o‘ylaganlari puchligiga amin bo‘lishadi.

«Sarson yurganimiz alam qilyapti»

Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi 32 yoshli I.Ma'murov 2007 yildan beri Rossiya Federatsiyasida ishlab, ro‘zg‘or tebratib kelgan. U «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJning telegram kanali orqali ushbu firma haqida ma'lumotga ega bo‘ladi.

«Chilonzorda joylashgan mazkur agentlikka 2018 yilning dekabr oyida murojaat qilganman. U yerga borganimda, men kabi ishlash orzusidagi fuqarolar 170-180 nafar edi. O‘zim 164-reyester raqami bilan ro‘yxatga qo‘yilganman. O‘shanda firmaning Ilhom ismli xodimi bilan suhbatlashganman. U birinchi uchrashuvimizda 2 ming yevrodan 3 ming yevrogacha maosh olishimiz, bepul ovqatlanishimiz va Latviyada bir oy ishlaganimizdan so‘ng Daniyaga xizmat safariga chiqishimizni aytgan. Uning bu gaplariga ishonganimdan o‘z xohishim bilan chet elda ishlashga ko‘nganman.

Firma taqdim etgan shartnomaga imzo qo‘yganimdan keyin dastlab Namangan shahrining «Do‘stlik» mahallasi hududidagi «O‘zsanoatqurilishbank» filialiga 6 million so‘m, aprel oyida esa qolgan 11 million so‘mni to‘lov qildim. Mart oyi oxirida Ilhom akaning maslahati bilan 15 kun Toshkent shahar bandlikka ko‘maklashish markaziga qarashli ishsizlarni kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazida g‘isht teruvchilik bo‘yicha o‘qidim. Qashqadaryo, Namangan va Andijon viloyatlaridan bo‘lgan 20 nafarga yaqin yigitlar ham men bilan o‘qigan. Diplomga 1 million 300 ming so‘m pul sarflaganman.

Viza uchun ham alohida 370 yevro to‘lov qilgach, 2019 yilning 5 iyul kuni 10 kishi Latviya tomon otlandik. Bu yerga ishga kelganimizdan so‘ng «SIA LUX MEOS» firmasida g‘isht terish bilan bog‘liq ish qilmadik. Aksincha, boshqa qurilishga oid mehnatga jalb qilindik. Millonlab mablag‘ga sotib olgan diplomimiz bir tiyinga qimmat bo‘lib chiqdi.

Birinchi oy 1 ming yevro pul olganimiz rost. Ishni tugatgach esa qolgan pulimizni berishmadi va u yerdan ketishga majbur bo‘ldik. Bu haqda O‘zbekistondagi «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbariyatiga aytganimizda, ular bizga Polsha va Moskvadan soatiga arzimagan pul to‘lovchi ishlarni taklif etishdi. Lekin biz bunga ko‘nmadik. Chunki ular bergan katta va'dalarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘ongandi. Men bilan suhbatlashgan firma vakili Ilhom aka bu yerga ikki marta kelib, hech narsani o‘zgartira olmay yana Toshkentga qaytib ketdi.

Latviyaga kelganimdan beri uyimga 1 ming AQSh dollariga yaqin mablag‘ jo‘natdim, xolos. Uch oy turli mayda ishlar qilib, topgan pulimizga bir amallab kun o‘tkazdik. O‘n kundan beri esa boshqa bir tadbirkorning qurilish firmasida 3 nafar hamrohim bilan ishlayapmiz. Bu yerda har dushanba hafta davomida urgan g‘ishtimizga qarab oylik olamiz. Biz bilan Latviyaga kelgan fuqarolardan biri hozir Chexiyada ishsiz yuribdi, yana biri uyiga – Namangan viloyatiga qaytib ketdi. Qolganlari qayerda nima ish qilishayotganidan bexabarmiz. Ishonchli ish topdik, deya quvonib, millionlab pul sarflaganimiz va natijada bu yerda sarson yurganimiz juda alam qilyapti», -deydi I.Ma'murov.

«Oilam qishloqda, men esa Chexiyada qiynalyapman»

Ayni paytda Chexiyada kun kechirayotgan F.Davronov bilan ham internet orqali bog‘landik. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan bo‘lgan yurtdoshimiz ham ushbu agentlik to‘g‘risida internet orqali ma'lumot olganini, I.Ma'murov va boshqa o‘nlab muhojirlar singari barcha to‘lovlar va hujjatlarni rasmiylashtirib, Latviyaga kelganini, va'da qilingan ish amalga oshmagani bois chet elda turli qiyinchiliklarni boshidan kechirib yurganini ma'lum qildi.

«Bu yerda dastlab oylik oldik. Iyuldan keyin esa maoshdan ham darak bo‘lmadi. Yashash sharoitimiz og‘irlashdi. Ahvolimizni ko‘rgan «SIA LUX MEOS» firmasining qozoq va latish millatiga mansub ikki xodimi meni va boshqa xususiy agentliklar orqali O‘zbekistondan kelgan 4 nafar yigitni 8 sentabr kuni Belgiyaga ishga yuborishdi. Hujjatlarimiz qalbakiligini Belgiyada qisqa muddat ishlab, haydalganimizdan so‘ng bildik.

Oktabr oyi o‘rtalarida Polsha tomon yo‘l oldim. Bu davlatda ham Belgiyadagi holat takrorlandi: oylik oz, chiqim ko‘p. Oxiri yana Latviyaga qaytib, birinchi ishlagan firmamga bordim. Ular ham avvalgidek, oylik bermaydigan firmaga ishga joylamoqchi bo‘lishdi. Biroq men bunga ko‘nmay, tanishlarim orqali Chexiyaga keldim. Ish yo‘qligidan bekor yotib, kun kechiryapman. Uyga ketay desam, chiptaga pul yo‘q.

Latviyada «SIA LUX MEOS» firmasining Edgirs, Aygirs va Andis ismli vakillari ishchilar bilan shug‘ullanishadi. Biror narsani talab qilsangiz yoki ularga yoqmaydigan gap aytsangiz, «deport» bilan tahdid qilishadi. Rigada ishonchli odam va tayinli ish yo‘q. Shu paytgacha qancha pul topgan bo‘lsam, biror hujjatga imzo qo‘yib, qonuniy pul olmadim. Qolganlar ham shunday. Ko‘plab o‘zbeklar halol mehnati haqini ololmay kun o‘tkazib yuribdi. Och yurganlar ham oz emas. «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJning litsenziyasi borligi uchun faoliyati qonuniy va xorijda biz singari ishsizlarga ishonchli ish topib berishlariga ishongandim. Kelganimdan ming pushaymonman. Chiroqchining chekka bir qishlog‘ida yashayman. Oilam qiyin ahvolda. Qish yaqin, sovuq kunlar boshlandi. Ish yo‘qligidan uyga pul ham yuborolmayapman. Firma O‘zbekistondan yana ko‘plab ishchilarni Latviyaga ishga yuborayotganidan hayronman. Ularga qonuniy chora ko‘radiganlar yo‘qmi?», deya hikoyasini yakunladi F.Davronov.

Agentlik rahbari qanday fikrda?

Murojaatchilarning fikrlarini eshitgach, «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJ direktori Mirsadi Vafoyev bilan uchrashib, uning holat yuzasidan munosabati bilan qiziqdik.

«2018 yil 30 noyabr kuni Tashqi mehnat migratsiyasi tomonidan berilgan litsenziyaga asosan faoliyat yuritamiz. Fuqarolar – I.Ma'murov, F.Davronov, I.Mallaboyev, A.Otaboyev, I.Fathullayev, S.Aliyev, I.Abduqahhorov, A.G‘ulomov, J.Abduraimov va A.Eshkuvatov chindan ham shu yilning iyul oyi boshida firma orqali Rigaga ishga yuborilgan. «SIA LUX MEOS» qurilish kompaniyasi haqidagi ma'lumotlar bilan internet orqali tanishganmiz, keyin Latviyaga borib hamkorlik shartnomasi imzolaganmiz. Bu tashkilot ulushining 50 foizi davlatga tegishli ekani bois bizda uning faoliyati qonuniyligiga ishonch paydo bo‘lgan va ikkilanmay aloqa o‘rnatdik.

Yuqorida nomlari aytib o‘tilgan yigitlar xorijga ketishdan oldin barcha hujjatlar bilan tanishib chiqishgan. U yerda nima ish qilishlari, qancha oylik olishlaridan xabardor edilar. Shartnomada yozilgan 1 ming 04 yevro miqdoridagi oylikka mehnat qilishga rozi bo‘lishgan. Ular bir oy yaxshi ishlashdi va ish haqi berildi. Biroq keyin shartnoma shartlarini buzishdi, ya'ni kompaniyada ishlashdan bosh tortishdi. Bu gapni kompaniyadagilar menga aytishgach, asl vaziyatdan boxabar bo‘lish maqsadida darhol o‘z  vakilimni Rigaga jo‘natdim. Latviyaga borib, fuqarolar va kompaniya xodimlari bilan suhbatlashdi.

Vakilim Ilhomning aytishicha, I.Ma'murov, F.Davronov va boshqa hamrohlari dam olish kunlarining birida shahar aylangani chiqishgan. O‘shanda O‘zbekistondan Rigaga borib, «nolegal» sifatida ishlayotganlar bilan tanishib qolishadi. Muloqot davomida Ikrom Ma'murov va uning boshqa sheriklariga «Ish hajmiga nisbatan juda kam pul berishyapti ekan», degan fikrlarni aytishadi. Shundan keyin ularning fikri o‘zgarib, kompaniyada ishlashni istamay qolishadi. Ularga 27ta davlatga bemalol kirib, chiqadigan 1 yil muddatga viza berganimiz uchun, ayrimlari Polshada ham yuribdi hozir.

«SIA LUX MEOS» qurilish kompaniyasi bilan O‘zbekistondagi uchta xususiy bandlik agentligi hamkorlik qiladi: bizning muassasa, Chilonzor va Samarqandda joylashgan yana ikkita firma.

Edgirsning «SIA LUX MEOS»ga aloqasi yo‘q. U korxona, tashkilotlarga ishchi topib berish bilan shug‘ullanib, o‘rtakashlik qiluvchi shaxs.

Bu ishchilar sentabr oyida «Ozodlik» radiosiga ham norozi bo‘lib murojaat qilishgan. Men prokuraturaga barcha hujjatlarni ko‘rsatganman. Biz bu fuqarolar taqdiriga javob bermaymiz. Chunki ular o‘zboshimchalik bilan shartnomani buzib, ish tashlashgan. Men o‘z vazifamni bajarib, kompaniyaga ishga jo‘natganman. «Biror muammo bo‘lsa, O‘zbekiston elchixonasiga boringlar», deb bir necha marta ta'kidlaganman.

Iyuldan so‘ng yana 7 nafar fuqaroni aynan «SIA LUX MEOS»ga, 2 nafar Litvaga tikuvchilikka, 2 nafarini esa Qozog‘istonga ishga jo‘natdik. Barchasi bir chiroyli ishlashyapti. Yangi yilga yaqin yana ishchilar yuborishni rejalashtirganmiz», deydi Mirsadi Vafoyev.

Kun.uz xorijdagi o‘zbekistonliklarning murojaatini eshitib, unga oydinlik kiritishga harakat qildi. Ko‘rib turganingizdek, har ikki tomonning ham o‘z haqiqati mavjud. Musofir yurtda yurgan fuqarolarning boshdan kechirganlari hamda «Arm inter group xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbarining fikrlari qanchalik rostligi bizga qorong‘i. Xulosa chiqarish esa har kimning o‘z ixtiyorida.

Mirolim ISAJONOV,
Kun.uz muxbiri

PS: Tahririyatga respublikamizning turli hududlarida faoliyat olib boruvchi xususiy bandlik agentliklaridan fuqarolarni xorijiy davlatlarda ish bilan ta'minlashga oid reklama e'lonlarini joylashtirish bo‘yicha so‘rovlar kelib tushmoqda. Biroq, so‘nggi vaqtlarda ayrim xususiy bandlik agentliklari o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani va bu fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarayotganligi sababli, Kun.uz veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida soha faoliyatiga oid reklamalarni e'lon qilish vaqtincha to‘xtatiladi.

Mavzuga oid