O‘zbekiston | 22:30 / 14.11.2019
19748
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zXDP «Milliy tiklanish» gazetasi ustidan prokuraturaga murojaat qildi

Foto: O‘zA

O‘zXDP Markaziy Kengashi Maqsuda Vorisovaning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilishni so‘rab, Yunusobod tuman prokuraturasiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda partiya bayonotida aytilmoqda.

«Milliy tiklanish demokratik partiyasi rasmiy nashri «Milliy tiklanish» gazetasining 2019 yil 1 noyabrdagi 39-40 (1038)-soni 10-sahifasida «O‘zXDP a'zosi Maqsuda Vorisovaning Rossiya kommunistlar partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganovga qanday «qarindosh»ligi bor»ligi haqida yasama suratli anons chop etilgan edi.

O‘zXDP Markaziy Kengashi Maqsuda Vorisovaning sha'ni va qadr-qimmatini qonunchilikka muvofiq himoya qilishni so‘rab, tegishli tartibda Yunusobod tuman prokuraturasiga murojaat yo‘lladi», deyiladi bayonotda.

O‘zXDPning qayd etishicha, Milliy tiklanish partiyasi markaziy apparati rahbar xodimlari ushbu partiya milliy qadriyat va an'analarni yuksak darajada qadrlashi va himoya qilishi haqida ko‘p gapiradi. Partiyaning dasturiy hujjatlarida bu yo‘nalishda qator g‘oya va takliflar, shiorlar ilgari surib kelinadi.

«Shunga qaramay, Milliy tiklanish partiyasi o‘z g‘oyalariga qarshi ravishda, xalqimiz yuksak darajada qadrlaydigan ayol, ona sha'nini pisand qilmayotgani bizda taassuf uyg‘otadi», deyilgan bayonotda.  

Mavzuga oid