Jamiyat | 11:39 / 15.11.2019
9523
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda uch yigit bosqinchilik uchun qo‘lga olindi 

Navoiy viloyatida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan uch nafar yigit qo‘lga olindi. Bu haqda «Postda» nashri yozmoqda.

Qayd etilishicha, 1993 yilda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan Sh.A. uch yil muqaddam Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlab, Uchquduq tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 

U joriy yilning 18 sentabr kuni Shimoliy kon boshqarmasi tog‘ uskunalarini ta'mirlash sexida injyener lavozimida ishlaydigan F. E. hamda 25 yoshni qarshilasa-da, haligacha biror kasbning boshini tutmagan tanishi F. F. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, tumandagi Geologlar ko‘chasida joylashgan xonadonlarning biriga bostirib kirishadi. 

O‘sha paytda xonadon egasining to‘qqiz yoshli farzandi uyda yolg‘iz o‘zi bo‘lgan. Bosqinchilar bolaning qo‘llarini bog‘lab, uydagi temir seyfda saqlanayotgan 26 million 500 ming so‘m pul va «Samsung» rusumli uyali telefon apparatini qo‘lga kiritib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishgan.

 – Ushbu holat bo‘yicha navbatchilik qismiga xabar berilgach, jinoyatchilarni «issiq izida» qo‘lga olish maqsadida zudlik bilan zarur choralar ko‘rildi, – deydi tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor S.Rayimov. – Qo‘ni-qo‘shnilardan so‘rab-surishtirildi, voqea sodir bo‘lgan kuni yaqin atrofdan o‘tgan begona kishilarning shaxsi o‘rganildi. Olingan tezkor ma'lumotlar hamda ko‘p qavatli uylar oldiga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalaridagi tasvirlar yordamida jinoyat ikki kun ichida fosh etildi.

Bosqinchilik qilgan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid