Jahon | 20:20 / 15.11.2019
30150
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga ultimatum jo‘natdi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga Kimgansan turistik zonasida qurgan obektlarini buzib tashlashini talab qilib ultimatum jo‘natdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi ma'lum qildi. 

“Janubiy Koreya hukumati o‘z pozitsiyasida qolsa, biz buni ular o‘z inshootlarini olib chiqishdan bosh tortmoqdalar, deb hisoblab, ushbu obektlarni demontaj qilish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘ramiz”, deyilgan ultimatumda.
 
Shimoliy Koreya o‘z pozitsiyasini Janubiy Koreyaning obektlari o‘n yil davomida e'tiborsiz qoldirilgani va tashlab qo‘yilgani bilan asoslagan.
 
“Biz tog‘ning egalari sifatida millatimiz va kelajak avlodlar oldida javobgarmiz va Kimgansan tog‘larini o‘z ixtiyorimizga ko‘ra dunyo taniydigan madaniy-turistik zonaga aylantiramiz”, deb ta'kidlab o‘tilgan Pxenyanda. 

Kimgansan madaniy-turistik majmuasi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In oktyabrda Pxenyan Janubiy Koreya bilan Kimgansan tog‘larida turistik majmuani rivojlantirish bo‘yicha loyihadan voz kechib, o‘zi mustaqil ishlar olib borishini ma'lum qilgan.

Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ushbu turistik loyiha ikki davlatning iqtisodiy hamkorligi ramzi sifatida 1998 yilda boshlangan. Janubiy Koreya kompaniyalari ushbu hududda mehmonxonalar va sayyohlik infratuzilmasini qurishga 680 mln dollar kiritishgan.  

2008 yilda ushbu hududda janubiy koreyalik ayol sayyoh o‘ldirilgandan keyin Seul ushbu zonada hamkorlikni noma'lum muddatga to‘xtatishga qaror qilib, u yerga sayohatlarni tashkillashtirishni to‘xtatgan.

Kimgansan Shimoliy Koreyadagi tog‘li hudud bo‘lib, Koreya yarimorolining sharqida joylashgan va Shimoliy Koreyaning eng chiroyli joylaridan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid