O‘zbekiston | 21:55 / 21.11.2019
23449
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududida tunda harakatlanish vaqti bo‘yicha chegara qo‘yilmagan – IIV rasmiysi

Sa'dulla Safoyev / Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolarning tunda harakatlanishi bo‘yicha chegara qo‘yilmagan, deb ta'kidladi IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi bosh inspektori Sa'dulla Safoyev.

Uning aytishicha, patrul-post xizmatlari saf bo‘linmalari naryadlari aholi xavfsizligini kun-u tun ta'minlay olishga to‘la imkoniyati bor.

«Toshkent shahrida sinov tariqasida 3 bosqichda patrul-post xizmati faoliyati belgilangan. Birinchi bosqich 8:00dan 14:00gacha, ikkinchi bosqich 14:00dan 24:00gacha, uchinchi bosqich esa 24:00dan 8:00gacha. Bu tartib bizga uzluksiz ravishda xavfsizlikni ta'minlashga yordam beradi», – dedi Safoyev 21 noyabr kuni matbuot anjumanida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash yuzasidan tungacha faoliyat yurituvchi savdo do‘konlarining yopib qo‘yilishi holatlariga ham izoh berilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari tungacha ishlovchi savdo do‘konlarini fuqarolar osoyishtaligi yuzasidan yopib qo‘yishga haqli emas. Fuqarolar tomonidan ma'lum savdo shahobchasi faoliyati yuzasidan kelib tushgan ariza bundan mustasno.

Mavzuga oid