Light | 21:34 / 24.11.2019
32635
3 daqiqa o‘qiladi

Dorilar o‘rnini bosa oluvchi 10 ta mahsulot ma'lum qilindi 

Shifokor Fransiska Rubin qanday oziq-ovqat mahsulotlari dorilar o‘rnini bosa olishi va salomatlikni mustahkamlashga imkon berishini ma'lum qildi. Mutaxassis bu haqda Focus jurnaliga ma'lum qildi.

Shifokor agar to‘g‘ri ovqatlanilsa, ko‘plab kasalliklardan qochish mumkinligi va shunda qimmat dorilarga pul ketkazishga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda. Biroq Rubinning ogohlantirishicha, ba'zi hollarda dorining o‘rnini bosuvchi muqobili bo‘lmaydi. 

Shifokor eng foydali 10 ta mahsulotni ajratib ko‘rsatgan: suli, asal, zanjabil, kartoshka, karam, zarchava, turli moylar, tuz, limon va piyoz. Bu mahsulotlarni iste'mol qilishdan tashqari, ulardan davolovchi effekt maqsadida niqoblar va kompresslar tayyorlash mumkin.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, ichak salomatligi uchun suli yormasi va karam juda muhimdir. Suli xolesterin miqdorini kamaytiradi va biriktiruvchi to‘qima evaziga saratonning oldini olishda yordam beradi, karam esa ovqat hazm qilishni yengillashtiradi. Bundan tashqari, u ko‘z uchun foydali. 

Sulidan tayyorlangan damlama sirtqi qo‘llashda terini tinchlantiradi. Shifokor uni neyrodermitda qo‘llashni tavsiya qilgan.

Shuningdek, asal va tuz dezinfeksiyalovchi xususiyatlarga ega. Mutaxassisning aytishicha, asal bronxitda, undan tayyorlangan kompresslar esa artrozda juda foydalidir. Mutaxassis tuzli suv vannalarini podagrada tavsiya qilgan. 

Rubin qishni zanjabilsiz tasavvur qilolmasligini aytgan. Mutaxassis uning tetiklovchi samarasi va tomirlar uchun foydasini ayniqsa qadrlaydi. Zanjabil, shuningdek, qonni suyultiradi, qand va xolesterin miqdorini kamaytiradi hamda ovqat hazm qilishda foydali. Bundan tashqari, zanjabil bilan tanani qoplash buyrak uchun foydali.   

O‘simlik moylari yurak salomatligini mustahkamlaydi. Zaytun moyining bir qoshig‘i tomirlarni mustahkamlashga yordam beradi, zig‘ir moyi esa tromblar hosil bo‘lishi oldini oladi. Bundan tashqari, bronxitda ko‘krak qafasiga timyan moyi surtish samaralidir.

Rubin bosh og‘rig‘ida limonli qahva ichishni tavsiya qilmoqda. Ushbu sitrus meva tirsak va tovonlardagi dag‘allashib ketgan terini yumshatishda yordam beradi. 

Mutaxassis husnbuzar va toshmalarda asal va zarchavadan niqoblar tayyorlashni tavsiya qilmoqda. Zarchava iste'mol qilinganda organizmdagi yallig‘lanish jarayonlariga qarshilik ko‘rsatadi. Bu esa onkologik kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Piyozli sho‘rva sistitga qarshi kurashda, qaynatilgan kartoshka esa jig‘ildon qaynashida yordam beradi.

“Muzlatgichimizda ko‘p kasalliklarga qarshi vositalar bor”, deb xulosa qilgan shifokor.

Mavzuga oid