Jamiyat | 13:23 / 26.11.2019
12022
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati Kun.uz nashrida e'lon qilingan «Ikki karra ikki besh» yoxud sud qarori to‘g‘rimi?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

«Da'vogar Tojinor Tuychiyeva fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga javobgarlar Dinara Karjauva, «Payvand» MChJ direktori Diana Zokirova, Chirchiq shahar 3-sonli DNI nisbatan 2019 yil 3 aprel kuni oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish va uning oqibatlarini qo‘llash haqida da'vo talabi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2019 yil 10 iyundagi hal qiluv qarori bilan 2016 yil 5 apreldagi 3-sonli Chirchiq DNIda rasmiylashtirilgan D.Zakirova va D.Karajauva o‘rtasida tuzilgan Chirchiq shahar, Chirchiq shahrining 50 yilligi prospekti, 1-uy manzili bo‘yicha joylashgan «Mahalla guzari» binosi oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan vaqtdan haqiqiy emas, deb topilgan va da'vo qanoatlantirilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 23 avgustdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudi tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarori bekor qilinib, da'voni rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan.

Hozirgi kunda «Payvand» MChJ ta'sischisi T.Tuychiyevaning ishonchli vakili A.Tashmatovning ushbu sud hujjatiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga bergan nazorat tartibidagi shikoyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rish uchun tayinlangani ma'lum qilinadi. Mazkur ish bo‘yicha taraflar sud majlisi kuni va vaqti haqida xabardor etiladi.

Shuningdek, da'vogar - «Payvand» MChJ ta'sischisi Tojinor To‘ychiyevaning ishonchli vakili Ashurvoy Toshmatov Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi bilan murojaat qilib, 2016 yil 5 aprelda Chirchiq shahridagi 3-sonli Davlat notarial idorasi tomonidan Chirchiq shahar, 50 yilligi shoh ko‘chasi, 1-uyda joylashgan «Mahalla guzari» bino-inshotini oldi-sotdi shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilganini, ushbu oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga «Payvand» MChJning yagona ta'sischisining 2016 yil 1 martdagi qarori asos bo‘lganini, biroq Chirchiq shahar IIVning 2018 yil 4 sentyabrdagi № 25/29-sonli ma'lumotnomasiga ko‘ra, Ashurvoy Toshmatov Ashurvoy 2015 yil 1 yanvardan 2018 yil 1 avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lmagani, shuningdek Hadicha Sulaymonova nomidagi sud-ekspertiza markazining 2018 yil 12 noyabrdagi № 11811/1-sonli xatshunoslik sud-ekspertizasi bilan 2016 yil 1 martdagi «Payvand» MChJ qarori A.Toshmatov tomonidan imzolanmagani, balki boshqa shaxs tomonidan imzolangani aniqlanganini bayon qilib, javobgar - «Payvand» MChJga nisbatan jamiyat ta'sischisining 2016 yil 1 martdagi qarorini bekor qilishni so‘ragan.

Mazkur da'vo arizasi sud tomonidan 2019 yil 21 yanvardagi ajrim bilan ish yurituviga qabul qilinib, 2019 yil 22 fevralda 4-1102-1902/36-sonli ish yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilingan.

Ushbu hal qiluv qaroriga asosan, da'vogar - «Payvand» MChJ ta'sischisi Tojinor To‘ychiyevaning ishonchli vakili Ashurvoy Toshmatov da'vo talablari qanoatlantirilib, «Payvand» MChJ ta'sischisining 2016 yil 1 martdagi qarori haqiqiy emas deb topilib, «Payvand» MChJ hisobidan MChJ ta'sischisi Tojinor To‘ychiyeva hisobiga 2 027 300 so‘m so‘m davlat boji va 16 218 so‘m pochta xarajatlari undirish belgilangan. 

Ish apellyatsiya va kassatsiya nistansiyalarida ko‘rilmagan.

2019 yil 16 oktyabrda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan mazkur ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza taqdim etilgan.

Ushbu ariza sudning 2019 yil 30 oktyabrdagi ajrimi bilan ish yuritishga qabul qilinib, ayni paytda ushbu sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga bildirilgan munosabatda.

Mavzuga oid