Jahon | 22:30 / 26.11.2019
13231
1 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Turkiya NATOning «Rossiya tahdidi»dan himoya bo‘yicha rejasini qo‘llab-quvvatlashni rad etdi

Turkiya hukumati Shimoliy Atlantika alyansi Kurdiston ishchilar partiyasi a'zolariga qarshi operatsiyalarda Anqarani siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaguniga qadar NATOning Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshani "Rossiya tahdidi"dan himoya qilish bo‘yicha rejasini qo‘llab-quvvatlashni rad etmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Reuters agentligi xabar berdi.

Turkiya va NATO bayroqlari

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Anqara o‘zining tashkilotdagi vakiliga Rossiya tomonidan hujum yuz berganida NATOning Polsha, Litva, Latviya va Estoniyaga yordam ko‘rsatish majburiyatini olishi to‘g‘risidagi rejani imzolamaslikni hamda turli uchrashuv va yig‘ilishlarda alyans a'zolariga Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot deb rasman tan olinishi borasida bosim o‘tkazishni tayinlagan.

Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshani Rossiyadan himoya qilish bo‘yicha reja 2014 yilda tuzilgan. Alyansning 3-4 dekabr kunlari Londonda bo‘lib o‘tadigan sammitida mazkur reja qabul qilinganini e'lon qilish rejalashtirilgandi.

Turkiyaning NATOdagi delegatsiyasi hamda Turkiya mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari bu xabarga hozircha izoh bermagan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid