Jahon | 19:40 / 27.11.2019
10864
1 daqiqa o‘qiladi

Hongkongdagi yer maydoni rekord narxga sotildi   

Hongkongdagi eng qimmatbaho yer maydoni hukumat auksionida 42,23 mlrd Hongkong dollariga (5,4 mlrd dollar) sotildi. Bu haqda yerdan foydalanish departamenti saytida ma'lum qilindi.

Gap tijoriy inshoot qurish uchun mo‘ljallangan 60 ming kvadrat metrlik yer maydoni haqida bormoqda. U Koulun yarimorolining g‘arbiy qismida joylashgan.

Auksionda Hongkongning ko‘chmas mulk sohasidagi giganti Sun Hung Kai Properties g‘olib bo‘lgan. Kompaniya bu maydonda ofis binolari, mehmonxonalar va savdo inshootlarini qurishni mo‘ljallamoqda.

Hukumat auksionlarida yer sotishdan olinadigan daromad Hongkong ma'muriyati budjetiga tushumlarning muhim manbasi hisoblanadi. Bungacha Hongkongda sotilgan eng qimmat yer maydoni Kay Tak aeroporti o‘rnidagi maydon hisoblangan. Bu maydon 2018 yilda 3,2 mlrd dollarga sotilgan. Uni ham joriy auksion g‘olibi xarid qilgan. 

Hongkongning tijoriy ko‘chmas mulk bozori dunyodagi eng qimmatbaho bozor hisoblanadi. Uy-joy, ofis va savdo inshootlariga rekord narxlar Hongkongda bo‘sh yer yetishmasligi va talabning kattaligi bilan tushuntiriladi.

Mavzuga oid