19:21 / 27.11.2019
3
51506

«Kasbimdan g‘ururlanaman» - cho‘pon bilan olov atrofida suhbat

Dunyoda kasblar ko‘p. Har birining o‘z yo‘nalishi, o‘ziga ohanrabodek tortuvchi jozibasi bor. Oramizda o‘z kasbidan baxt topganlar talaygina. Biz ana shunday baxtlilar bilan diydorlashishga qaror qildik. Shu sababli Kun.uz ijodiy jamoasi Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani, Mayintepa qishlog‘iga safar uyushtirdi.

Qishloq aholisining tantiligi-yu, bag‘rikengligiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Ular orasida alohida hurmatga ega, soddadil, zahmatkash bir inson bilan  suhbat uyushtirdik. Qahramonimiz 33 yildan beri tog‘a kasb – cho‘ponlik bilan shug‘ullanib keladi. 50 yoshni qarshilasa-da, ancha tetik Qahramon Ro‘ziyev cho‘ponlik ortidan olti nafar farzandini halol rizq bilan voyaga yetkazdi, uyli-joyli, o‘qimishli qildi. Shirin nevaraning sevimli bobosi bo‘lishga ham ulgurdi. Jaydari va soxtaliklardan xoli bo‘lgan qaynoq suhbatimizdan bahra oling.

«Cho‘ponlik menga tog‘a kasb»

Cho‘ponlik kasbini tanlashimga rahmatli tog‘am sababchi bo‘lgan. U kishi menga yo‘l-yo‘riqlarni o‘rgatib ketgan. Maktabni bitirganimdan keyin onam: “Tog‘ang betob bo‘lib qolganligi uchun ishlarga yaramayapti. Oldida bo‘lib yordam berib yur”, dedi. Tog‘amning qanotiga kirib, cho‘ponlikka qiziqib qoldim. Shundan beri ustozimning aytganlariga amal qilib, bu sohada ozmi ko‘pmi tajriba to‘pladim.

«Qo‘yning tuyog‘iga chidagan haqiqiy cho‘pon bo‘loladi»

Cho‘ponlikning ham zavqi, ham mashaqqatlari bor. Saraton-u izg‘irinli kunlarga bardoshli bo‘lish kerak. Noqulay ob-havo sharoitlariga tayyor turishingiz talab qilinadi. Shu bilan birga, qo‘y-qo‘zi, echkilarning hisob-kitobini ham yurita bilishingiz zarur. Kim nechta qo‘y-echkilarini qo‘shdi, qaysi qo‘y bolaladi, qaysinisi kasallandi – hammasini nazorat qilishingiz lozim.

«Halol rizq bilan topilgan pul barakali bo‘ladi»

Qishloqda pensioner, zavod ishchilari va boshqa qishloqdoshlarimning qo‘ylarini boqaman. 100 ta qo‘y boqsam, bir oyda o‘rtacha 1 million so‘m daromad keladi. Bitta qo‘yga 10 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bahorda 200 va undan ko‘p qo‘ylarni boqaman. Shuning ortidan ro‘zg‘or tebratyapman. Farzandlarimga kechki ovqatdan keyin aytardim: bolalarim, halollik – insoniylikning eng muhim xislatlaridan biri. Qiyin yo‘ldan yurib mehnat qilganing evaziga topganing tatiydi. Peshona teri bilan topilgan rizq qadrli bo‘ladi, qing‘irlikning esa kelajagi yo‘q. 

«Cho‘ponligim uchun mensimaganlar ham bo‘ldi»

Katta davralarda bo‘lganimda cho‘ponligim uchun mensimasdan muomala qilganlar ham bo‘lgan. O‘sha paytlari chekkaga chiqib, panada ko‘zimdan yosh ham chiqqan. Shunday bo‘lsa-da, cho‘ponligimdan hech qachon uyalmaganman, hozirgacha tog‘amning kasbini davom ettirib kelayotganimdan g‘ururlanaman. Farzandlarim cho‘ponlik qilmasdan dam olishimni ko‘p aytishadi. Unday qilolmayman, chunki o‘z kasbim yoqadi, zavq olaman.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Muhabbat Mamirova, Ilyos Safarov Kun.uz muxbirlari,

Nuriddin Nursaidov, tasvirchi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top