O‘zbekistonda uy-joylarni professional boshqarish masalasi ko‘rib chiqildi
Markaziy Osiyodagi ko‘plab turar-joylar energiyani tejash sohasidagi modernizatsiyaga muhtoj. Ana shu sohada xizmat ko‘rsatuvchi kichik va o‘rta korxonalar bozorining rivojlanishi va uy-joy fondlarini boshqarishning professionallashuvi modernizatsiya sur'ati va standartlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
3 dekabr Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Uy-joylarni professional boshqarishga o‘tish – ko‘p kvartirali turar-joy jamg‘armasini modernizatsiya qilishga tayyorlash” nomli xalqaro konferensiyada O‘zbekistonda ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilishicha, sohani boshqarish, muvofiqlashtirish Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga berilgan, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish masalalarini muvofiqlashtirish ishlari vazirlik va vazirlik tizimidagi hududiy boshqarma va bo‘linmalarga yuklatildi, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkatlarga sharoit yaratish maqsadida respublikaning barcha viloyatlarida yagona hisob-kitob markazlari tashkil etildi.
Tadbirda 2017-2019 yilda Yevropa Ittifoqining Central Asia Invest IV - kichik biznesning raqobatbardoshligini kuchaytirish dasturi doirasidagi Pro House - Qozog‘iston va O‘zbekistonda uy-joylarni professional boshqarish loyihasi natijalariga to‘xtalib o‘tildi.
Konferensiyani ochib bergan Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduard Stiprays quyidagi ma'lumotlarni keltirib o‘tdi:
“Yashash joyi – insonning asosiy ehtiyojlaridan biri. Muammo nimada? Muammo shundaki, ko‘p kvartirali uylar – majmuaviy texnik tizim. Uy xo‘jaligini boshqarish uchun professional ko‘nikmalar zarur. Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridagi uy-joy fondining 75-80 foizi 1960-yillardan 1990-yillarning boshigacha qurilgan binolardir. Ana shu binolarning ko‘pchiligi modernizatsiya qilinmagan va energiyani tejash sanatsiyasiga muhtoj. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ahamiyatsiz bo‘lmagan yana bir narsa bu – suv bilan ta'minlash masalalari.
Istaymizmi, yo‘qmi, kelayotgan 10 yillikda suv, toza ichimlik suvi bu yerda tobora kamayib boradi. Asosiy iste'molchi – qishloq xo‘jaligi, undan keyin sanoat, uy xo‘jaligi uchinchi o‘rinda. Biroq aholi sonining ortishi bilan kommunal, yashash ehtiyojlari uchun suv iste'moli faqat ortib boradi, deb o‘ylayman.
Issiqlik energiyasi masalasiga qaytadigan bo‘lsak, uylarda issiqlik energiyasining o‘rtacha iste'moli Yevropa ittifoqi mamlakatlaridagi uylar bilan taqqoslaganda 2-3 marta ko‘proq. Shuning uchun binolarning energetik modernizatsiyasi bu – katta da'vat va ulkan imkoniyat”, dedi Eduard Stiprays.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot kotibi Alipashsha Ahmedov mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi:
“Respublikamizdagi ko‘p kvartirali uylar 1970-1990 yillarda shahar qurilishi jarayonida qurilgan. Albatta, hamma narsaning o‘z xizmat muddati bor. Xorij mamlakatlarida shunday yondashuv borki, eski uyni buzib yangisini qurguncha uni sanatsiya qilish, ya'ni energiya tejamkorligini oshirish. Bu borada ularda katta tajriba bor. Bugungi kunda respublikamizda ham bu borada ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun biz ta'mirlash-tiklash masalalariga ko‘proq e'tibor beryapmiz. Ko‘p yillar davomida e'tiborsiz qolgan uylarni ta'mirlash-tiklash ishlari bilan shug‘ullanyapmiz.
Energiya sanatsiya degan tushuncha bor. Ya'ni uylarni energiya tejamkorligini qayta tiklash masalasi. Bu borada biz nafaqat Pro House loyihasi doirasida, balki Germaniyaning Dena davlat tashkiloti bilan ham hamkorlik o‘rnatganmiz. Yaqin orada pilot shaklida Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida bitta uy ular [Dena davlat tashkiloti] tomonidan energiya sanatsiya o‘tkazilib, ta'mirlab beriladi”, - deya Alipashsha Ahmedovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:55 / 23.08.2024
Toshkentning qoq markazidan murojaat: Yosh bolalarimiz bor, qachongacha issiq suvsiz o‘tiramiz?
14:47 / 19.04.2021
Profilaktika inspektorlariga kommunal xizmatlardan foydalanish qoidalarini buzganlarga jarima qo‘llash vakolati berilmaydigan bo‘ldi
16:18 / 26.03.2021
Respublikadagi 66 foiz issiqlik tarmoqlari ta'mirtalab ahvolda – vazir o‘rinbosari
13:04 / 03.03.2021