Jahon | 22:36 / 04.12.2019
32842
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘iston poytaxtining qayta nomlanishi haqidagi savolga javob berdi

Foto: Deutsche Welle

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Deutsche Welle nashriga «Nemsova. Intervyu» dasturi doirasida intervyu berdi. 

Suhbat chog‘ida dastur boshlovchisi, jurnalist Janna Nemsova To‘qayevdan Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan o‘zaro munosabatlari haqida so‘radi.  

“Nursulton Nazarboyev shaxsida biz Qozog‘iston Respublikasi asoschisiga egamiz. Katta hurmatga sazovor inson, millat yetakchisi. Men esa Qozog‘istonning qonuniy saylangan prezidenti, davlat rahbari, oliy bosh qo‘mondonman. Bizning o‘rtamizda hech qanday ziddiyat yo‘q. Men yashirmayman, biz bir-birimiz bilan maslahatlashib turamiz, men ba'zida undan maslahat so‘rab turaman. Bu yerda ikki hokimlik yo‘q”, deb aytgan To‘qayev.

Shuningdek, To‘qayev Qozog‘iston poytaxtining Ostonadan Nur-Sulton deb qayta nomlanishi haqidagi savolga javob berdi.

“U [Nursulton Nazarboyev] Qozog‘iston asoschisidir. Biz uning mehnati va xizmatlarini munosib baholashimiz lozim. Bu yerda hech qanday oshirib yuborishlik yo‘q. Uning o‘zi ba'zida u yoki bu obektlarning qayta nomlanishiga qarshi bo‘lgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Qozog‘iston prezidenti.   

“Biz u [Nursulton Nazarboyev ] vakolatlarini topshirishi haqida gapirayotganda uning nomi bilan poytaxtni atadik. Men Qozog‘istonning yangi prezidenti sifatida poytaxtni qayta nomlashni taklif qildim. Biz bu shaharga birinchi marta kelganimizda, u o‘zidan sobiq ittifoq zamonlariga xos oddiygina qishloqni aks ettirardi. Ha bu shahar edi, lekin juda kichkina edi. Sobiq Tselinogradga [Nur-Sultonning avvalgi nomi] poytaxtni ko‘chirish jasurona qaror bo‘lgan. Mohiyatan bu geosiyosiy qaror edi. Yangi sharoitlarda poytaxtning katta davlat markazida bo‘lishi katta ahamiyatga ega”, deb qo‘shimcha qilgan To‘qayev.

To‘qayev intervyu davomida shuningdek lotin alifbosiga o‘tilishi, namoyishlar, Rossiya va Xitoy bilan o‘zaro munosabatlar va Germaniyaga amalga oshirajak tashrifi haqidagi savollarga javob bergan.

Janna Nemsova rossiyalik marhum siyosatchi Boris Nemsovning qizi bo‘lib, 2015 yildan Germaniyada Deutsche Welle teleradiokompaniyasining rus tahririyati muxbiri va “Nemsova. Intervyu” hamda “DW Novosti” dasturlari boshlovchisi bo‘lib ishlaydi.

Mavzuga oid