«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»da «Korrupsiyaga qarshi kurash» mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi
«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan Farg‘ona shahar prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyat boshqarmasi vakillari hamda mutaxassislar ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘tkazildi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetkazib, xalqimiz ishonchining pasayishiga olib keladi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat mansabdor shaxslar, balki fuqarolar ham faollik ko‘rsatishi talab etiladi. Ularning bu boradagi huquqiy madaniyatini oshirish muhim ahamiyatga ega», - deydi shahar prokurori yordamchisi X.Raximjonov.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning asl mohiyatini bilish bilan birga, uning jamiyat rivoji uchun to‘siq va g‘ovlarni birgalikda yengishda muhim huquqiy hujjat ekanligini, korrupsiya davlat boshqaruvi tizimini yemirishi, davlat tashkilotlari va davlat xizmatchilariga salbiy munosabatni vujudga keltirishi, hokimiyatning obro‘sizlanishiga sabab bo‘lishini alohida ta'kidlandi.
Yuqorida qayd etilgan qonun bu jirkanch illatga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda, qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, tizimlilik va boshqa bir qator sifatlar korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari» AJda ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat xodimlarining mazkur qonun mazmun-mohiyatidan xabardorligini oshirish maqsadida bu kabi tadbirlar jamiyatning quyi tuzilmalari tomonidan ham o‘tkazilmoqda.
«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ
Matbuot xizmati