Mahkumlar mehnati bilan topilgan daromadlar miqdori ochiqlandi
2019 yilning 11 oyi davomida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan 219 mlrd so‘mlik 66 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, 15,2 mlrd so‘m daromad olingan.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi boshlig‘i Sharofiddinxo‘ja Usmonov 9 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.
«Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosini ta'minlash maqsadida 40 ta davlat unitar korxonalari tashkil etildi. Ulardan 23 tasi ishlab chiqarishga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan.
2019 yilning 11 oyi davomida 219 mlrd so‘mlik 66 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, 15,2 mlrd so‘m daromad olindi. Shundan 168,6 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan davlat unitar korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelsa, 50,4 mlrd so‘mlik mahsulot qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan yetishtirildi», – dedi Usmonov.

Qayd etilishicha, mahsulotlarning 30 mlrd so‘mdan ortig‘i IIV, 2 mlrd so‘mlik mahsulot Mudofaa vazirligi, 75,2 mlrd so‘mlik mahsulot «O‘zshahar qurilish invest» hamda «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyalari buyurtmalari asosida ishlab chiqarilgan.
Xususan, mahkumlar tomonidan Navoiy viloyatida ishlab chiqarilgan 2 ming tonna ohak 155 ming dollarga Qozog‘istonga eksport qilingan.
Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yil 29 yanvardagi 4138-sonli prezident qarori talablari asosida davlat unitar korxonalarida tikuvchilik, beton mahsulotlari, mebel, sun'iy va tabiiy toshlar, quruq qurilish qorishmalari, poyabzal, xo‘jalik sovuni, plastik eshik va romlar, pishgan g‘isht, suvenir mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 48 ta yangi sex, bundan tashqari, 10 ta davlat unitar korxonasi tarkibida alohida qurilish brigadalari tashkil etilgan.
«Jazo muddatini o‘tayotgan 260dan ortiq mahkum tomonidan 17 ta obektda shartnoma asosida 50 mlrd.dan ortiq qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga mahkumlarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida «Hunarmand» uyushmasi bilan hamkorlikda 1285 nafar mahkumlarga kasb-hunar sirlari o‘rgatilmoqda. «Ustoz-shogird» maktablarini tamomlagan 272 nafar mahkumga sertifikat berildi», – deydi Sharofiddinxo‘ja Usmonov.

Ma'lum qilinishicha, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufidagi qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan davlat unitar korxonalariga tegishli 26 ming gektardan ortiq yer maydonida mahkumlar tomonidan paxta, g‘alla, sholi, kartoshka, sabzavot, dukkakli ekinlar, chorva mollari uchun ozuqa yetishtirilmoqda. Chorvachilik sohasida 4 mingdan ortiq yirik shoxli, 23 mingdan ortiq mayda shoxli mollar, 400ga yaqin ot, tuya va parrandalar boqilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi mulozimlariga ko‘ra, mazkur mahsulotlarning barchasi davlat ehtiyojlari va yopiq turdagi jazoni o‘tash muassasalariga yetkazib beriladi.
Mavzuga oid

19:46 / 28.03.2025
Shavkat Mirziyoyev jazo muddatini o‘tayotgan 488 nafar shaxsni afv etdi

20:08 / 21.03.2025
Turkmaniston prezidenti «Qadr kechasi» munosabati bilan 321 nafar mahbusni afv etdi

21:24 / 19.02.2025
Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan 2 nafar mahkum vafot etdi

16:33 / 13.12.2024