Qishda yurak-tomir kasalliklari xavfini kamaytirishning oddiy qoidalari
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, yurak-tomir kasalliklari dunyoda eng ko‘p tarqalgan kasalliklar hisoblanadi. Afsuski, qish vaqtida surunkali yurak-tomir kasalliklarining o‘tkirlashishi xavfi keskin ortadi. Birinchi navbatda, bu qish mavsumidagi iqlim sharoitlari bilan bog‘langan. Harorat va atmosfera bosimining o‘zgarib turishi organizmning umumiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va shu sababli yilning bu faslida yurak-tomir kasalliklari profilaktikasi haqida qayg‘urish ayniqsa muhimdir.
Eng asosiysi, sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish lozim. Ratsionga ko‘p miqdorda mavsumiy sabzavot va mevalar, boshoqli o‘simliklar, yog‘li baliq turlari, misol uchun, forel va skumbriyani qo‘shish kerak. Tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichishdan voz kechish muhim – bu tromblar paydo bo‘liishi xavfini kamaytirib, tomirlar shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Asabiylashmaslikka harakat qiling. Adrenalinning haddan ko‘p ishlab chiqarilishi taxikardiya va tomirlar siqilishiga olib keladi, bu esa yurak faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Sizni tashvishlantirayotgan muammolardan chalg‘ib, hordiq va sevimli mashg‘ulotingizga ko‘proq vaqt ajrating.
Shuningdek, jismoniy yuklama haqida ham unutmaslik zarur. Ko‘proq harakatlanish, toza havoda sayr qilish yoki ertalabki badantarbiyani kanda qilmaslik lozim. Bundan tashqari, yuragingizni “tinglab turish”, puls va qon bosimi ortidan kuzatib turish va shifokor buyurgan dorilarni qabul qilishni unutmaslik kerak. Agar yurak urishida o‘zgarish, ko‘krak sohasida og‘riq, nafas siqishi yoki bosh aylanishni his qilsangiz, hayallamay mutaxassisga murojaat qilishingiz lozim.