Jahon | 22:20 / 10.12.2019
31027
6 daqiqa o‘qiladi

Impichment: demokratlar Trampga qarshi birato‘la ikkita ayblov qo‘yishmoqda

AQSh Kongressi Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi prezident Donald Trampga qarshi ehtimoliy impichment bo‘yicha tekshiruv ishlari doirasida ayblov ilgari surdi.

Foto: AP

Ayblov qo‘mita rahbari Jyerrold Nadler tomonidan o‘qib eshittirildi. Prezident xizmat mavqeyini suiiste'mol qilish va kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.

Tramp o‘zining siyosiy manfaatlari yo‘lida Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yish va ushbu davlat prezidentiga bosim o‘tkazishda ayblanmoqda.

Trampning o‘zi hech qanday nomunosib ish qilmaganini aytmoqda va impichment jarayonini jinnilik deb atamoqda.

Agar Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi prezidentga qarshi qaratilgan bu da'volarni tasdiqlasa, palatada ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Quyi palatadagi kongressmenlarning aksari Demokratik partiya a'zosi hisoblanadi.

Agar Vakillar palatasi ayblovlarni ma'qullasa, prezident ishi Senatda muhokama qilinishi kerak bo‘ladi. Lekin senatorlarning ko‘pchilik qismi - Respublikachilar partiyasi vakillaridir.

Vakillar palatasi apparati xodimlari ayblov moddalari ro‘yxati oshishi mumkinligini istisno etmagan: Oq uy rahbarining muxoliflari hali e'tirozlar ro‘yxatiga prezident AQShdagi saylovlarga aralashish masalasida xorijiy mamlakat bilan kelishishga uringani bo‘yicha ayblovni, shuningdek, maxsus prokuror Robert Myullerning yakuniy hisobotida qayd etilgan adliya ishlariga qarshilik qilish bo‘yicha ayblovni qo‘shishni hal qilmagan.

AQSh prezidenti impichmenti jarayoni doirasida dushanba kuni kongressning yuridik qo‘mitasida navbatdagi tinglov bo‘lib o‘tdi va bu 9 soat davom etdi. Yig‘ilish vaqtida demokratlar respublikachilarning o‘z guvohlarini chaqirish bo‘yicha talabini rad etishdi.

Buning o‘rniga Donald Trampning muxoliflari Vakillar palatasining demokratlar tomonidan nazorat qilinadigan razvedka bo‘yicha qo‘mitasi yuristining ko‘rsatmalarini tinglashdi.

Noyabr oyi oxirida bu qo‘mita AQSh prezidentining «jinoyatlari va huquqbuzarliklari» aks etgan 300 sahifali hisobotni e'lon qilgan, prezidentning siyosiy muxoliflari bu hisobotni uni hokimiyatdan chetlatish uchun yetarli asos deb hisoblashadi.

Jyerrold Nadler prezident o‘z manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yishini ta'kidlaydi

Ochiq eshituv vaqtida kongressning yuridik qo‘mitasi rahbari Jyerrold Nadler o‘z pozitsiyasini yashirib o‘tirmadi.

«Prezident Tramp o‘z shaxsiy manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘ygan», dedi u prezident Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti vaqtida unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zining 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridagi asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan, AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenga qarshi ish ochish evaziga 391 million dollarlik harbiy yordamni tiklash bo‘yicha taklif berganini eslab.

«Prezident Tramp doimiy ravishda xorijiy davlatlar rahbarlarini o‘ziga saylovda g‘alaba qozonishga yordam berishga majburlab kelmoqda, bu esa bizning erkin va adolatli saylovlarimizga hamda milliy xavfsizligimizga ochiqdan-ochiq tahdiddir», - dedi kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi yuristi Den Goldman.

Qayd etish kerakki, impichment e'lon qilinishi prezidentning avtomatik ravishda hokimiyatdan chetlatilishini anglatmaydi. AQShda impichment kongress tashabbusi bilan davlat rahbariga qarshi ayblov bo‘lib, u amalga oshishi uchun Senat a'zolarining uchdan ikki qismi bunga qo‘shilishi kerak bo‘ladi.

Nensi Pelosi va tarafdorlari Tramp Senatda oqlanishidan tashvishda emas

Hozirda kongressning yuqori palatasini respublikachilar nazorat qiladi va prezident impichmentining ashaddiy tarafdorlari ham bu amalga oshishi dargumon ekanini bilishadi.

So‘nggi oylarda demokratlar bir necha marta davlat rahbari hokimiyatdan chetlatilishiga erishish zarurat emasligi, faqat barchasi mamlakat konstitutsiyasi bo‘yicha kechishi muhimligini qayd etishdi.

Dushanba kuni kechqurun Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Senatda Trampni oqlashsa, bundan ranjimasligini aytib o‘tdi.

«Bunday vaziyatda biz ovozlarni sanamoqchi emasmiz, odamlar shunchaki o‘z pozitsiyasini bildirmoqchi», - dedi u The Wall Street Journal nashri tomonidan tashkillashtirilgan konferensiyadagi chiqishida.

Tramp esa tvitterdagi seriyali xabarlarida yana bir marta demokratlarni «davlat to‘ntarishiga urinish»da aybladi va o‘ziga qaratilgan ayblovlarni «asossiz» deb atadi.

U o‘ziga nisbatan barcha ayblovlarni rad etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kiyevdan korrupsiyaga qarshi kurashishni talab qilgan.

Kongressning yuridik qo‘mitasidagi nufuzli respublikachilardan biri Daga Kollinz demokratlar prezidentga ayblov qo‘yish orqali 2020 yilgi saylovlar arafasida «o‘zlariga qarshi ishlayotgan vaqtdan yutish»ga harakat qilishayotgani haqida gapirdi.

«Ular Tramp Qo‘shma shtatlar prezidenti ekaniga toqat qila olishmaydi, uni yenga oladigan nomzodni esa topa olishmayapti», - dedi kongressmen jurnalistlarga Vakillar palatasidagi eshituv yakunlangach.

Trampning Lavrov bilan uchrashuvi

Vashingtondagilar demokratlarning ayblov e'lon qilishini seshanba kuni Vashingtonda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv bo‘lishiga bog‘liq deb hisoblashmoqda.

Oq uy 10 dekabr kuni rossiyalik vazir Donald Tramp bilan uchrashishi, unda «ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari» muhokama qilinishini tasdiqladi.

Rossiya TIV rahbari va AQSh prezidentining so‘nggi uchrashuvi 2017 yil mayida o‘tkazilgan va bu uchrashuv shov-shuvli mojaro bilan yakunlangandi.

Amerika nashrlari o‘shanda muzokaralarga Oq uy vakili taklif etilmagani, rossiyalik vazir bilan suhbat vaqtida Donald Tramp Isroil razvedkasidan olingan mutlaqo maxfiy ma'lumotlar bilan bo‘lishgani haqida yozishgandi.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid