O‘zbekiston | 19:56 / 10.12.2019
151945
4 daqiqa o‘qiladi

Greguar Manjaga O‘zbekistonga kirish taqiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manjaga etika qoidalarini buzgani tufayli O‘zbekistonga kirish taqiqlanganini ma'lum qildi.

«Gulnora Karimovaning manfaatlari himoyasida qatnashayotgan advokatlar xususida kelib tushayotgan ko‘plab so‘rovlar yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, ularning barchasi Gulnora Karimovaning yaqin qarindoshlari tomonidan yollangan bo‘lib, tegishli tartibda adliya organlari tomonidan berilgan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.

Advokatlar bilan barcha munosabatlar Jinoyat-protsessual kodeksi normalari asosida amalga oshirib kelinmoqda hamda ular tomonidan o‘z mijozlari huquqlarini himoya qilishda cheklanganliklari xususida biron-bir shikoyat va iltimosnoma kelib tushmagan.

O‘zini Gulnora Karimovaning advokati sifatida tanishtirib kelayotgan Greguar Manja xususida shuni ma'lum qilamizki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra chet el advokatlarining O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmagan. 

Ayni vaqtda, chet ellik advokat Greguar Manjaning Shveytsariya hukumati tomonidan berilgan mandati Gulnora Karimovaga nisbatan Shveytsariyada olib borilayotgan jinoyat ishi bilan chegaralangan bo‘lib, uning O‘zbekistonga kelishi faqatgina Shveytsariya hukumatining o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi iltimosnomasi asosida amalga oshirilgan edi.

O‘z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste'mol qilgan Greguar Manja buzg‘unchilik xarakteridagi harakatlarni amalga oshirib, oldindan yolg‘onligi ma'lum bo‘lgan O‘zbekiston penitensiar muassasalari haqidagi bo‘hton ma'lumotlarni piar maqsadida tarqatishda ifodalangan advokatlarning umume'tirof etilgan etika qoidalarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

Vaholanki, penitensiar muassasalar xalqaro huquqni himoyalovchi tashkilotlar uchun ham ochiq bo‘lib, ularning monitoring hisobotlari muntazam ravishda chop etib boriladi.

Shunga ko‘ra, o‘zbek tarafi mutanosib chora tariqasida Greguar Manjaning O‘zbekiston Respublikasiga kirishiga ruxsat berishni rad etishga majbur bo‘ldi. 

Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi jinoyat ishi bo‘yicha boshqa jinoiy sheriklarining chet el advokatlari O‘zbekiston Respublikasidagi o‘z mijozlari bilan cheklovsiz munosabatni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetgani haqida xabar bergandi. U jinoiy guruh tuzish, o‘lpon yig‘ish va qo‘rqitib, mulklarni tortib olishda ayblanmoqda.

Gulnora Karimova 2015 yil avgustida besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bosh prokuratura bu haqda 2017 yilning iyulida ma'lumot bergandi. O‘sha vaqtda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etayotgan edi. 

Gulnora Karimova 2019 yil martidan beri Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-son umumiy tartibdagi koloniyada saqlanmoqda. Avgust oyida Bosh prokuratura Karimova xonimga nisbatan davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va O‘zbekistonning manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, shuningdek, tovlamachilik yo‘li bilan o‘zgalarning o‘ta yirik miqdordagi mulklarini egallab olish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid