20:15 / 12.12.2019
0
21593

Rossiya flotining eng yirik harbiy kemasida yong‘in chiqdi

Rossiya flotining eng yirik va yagona aviatashuvchi kemasi “Admiral Kuznetsov”da yong‘in chiqdi. Kema hozirda Murmanskdagi kema ta'mirlash zavodida modernizatsiyadan o‘tkazilmoqda. “Admiral Kuznetsov” Rossiya harbiy flotining bayroqdor kemasi hisoblanadi.

Admiral Kuznetsov aviatashuvchi kemasi

Yong‘in kemaning energiya ta'minoti bo‘lmasida payvandlash ishlari vaqtida boshlangan. Bu vaqtda kemada zavod xodimlari bilan birga ta'mirlash ishlarini nazorat qilayotgan harbiylar bo‘lgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in vaqtida 11 kishi jarohat olgan, 3 kishi bedarak yo‘qolgan.  

Ma'lum qilinishicha, yong‘in 600 kvadrat metrga yaqin joyni qamrab olgan.   

Foto:TASS

Kemani qurish Qora dengiz kemasozlik zavodida 1982 yilda boshlangan. 1985 yilda u suvga tushirilgan. Kema 50 taga yaqin parvoz qurilmasini olib yura oladi. Uning qurollanishiga “Granit” raketalari, “Klinok” zenit-raketa va “Kashtan” raketa-zambarak majmualari, avtomatik artilleriya qurilmasi kiradi.

Kemaning uzunligi 306 metrni, eni 72 metrni, balandligi 64,5 metrni, to‘liq suv sig‘imdorligi 59100 tonnani tashkil qiladi. 45 kungacha avtonom tarzda suza oladi. Ekipaji 1960 kishidan iborat.  

AQShning Business Insider nashri 2018 yilda kemani dunyoning eng yomon aviatashuvchi kemalari reytingida 2-o‘ringa qo‘ygandi. Uning zaif tomoni sifatida kuch qurilmasi ko‘rsatilgan. Antireytingning 1-o‘rniga esa Xitoyning “Lyaonin” kemasi “loyiq topilgan”. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top