O‘zbekiston | 19:25 / 13.12.2019
31937
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev keyingi haftada Yaponiyaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan 2019 yil 17-20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, tashrif davomida Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe, Parlamentning Maslahatchilar palatasi prezidenti Akiko Santo, Parlamentning Vakillar palatasi spikeri Tadamori Osima, Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Tomonlar O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini, shu jumladan, istiqbolda rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishadi, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito tomonidan qabul qilinadi.

Tashrif dasturidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaoka, yetakchi sanoat va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. Ikki mamlakat ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya kompaniyalari vakillarini O‘zbekistondagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga o‘zaro manfaatli shartlarda jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari Yaponiyaning eng muhim iqtisodiy markazlaridan biri – Nagoya shahriga tashrif buyurib, shaharlar va ta'lim muassasalari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish istiqbollarini muhokama qilish uchun Aichi prefekturasi gubernatori Xideaki Omura, shahar meri Takasi Kavamura, Nagoya universiteti rektori Seyichi Matsuo bilan uchrashadi.

Muzokaralar natijasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid