Toshkent viloyati saylovchilari diqqatiga!
Rivojlangan mamlakatda, tabiiyki, fuqarolarning turmush darajasi yuqori bo‘ladi. Har bir davlat esa mana shu maqsad sari intiladi. O‘zbekistonni aholi turmush darajasi va sifati bo‘yicha dunyoning o‘rta rivojlangan davlatlari darajasiga olib chiqish uchun mamlakatda iqtisodiy barqarorlik ta'minlangan bo‘lishi lozim. Xalq demokratik partiyasi ushbu maqsadda o‘ziga qator ustuvor vazifalarni asosiy dasturilamal qilib olgan.
Partiya ushbu maqsadga erishish yo‘llarini belgilashda, davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy himoya hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlamining manfaatlaridan kelib chiqish zarur, deb hisoblaydi. Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Toshkent viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlari ham bu borada o‘z reja va maqsadlariga ega.
Akmaljon Umaraliyev, kon ishlari bo‘yicha injyener-elektrik, 87-Angren saylov okrugidan nomzod:
— Faoliyatim davomida aholining turli qatlamlari bilan uchrashib, ularning qiziqishlari, o‘y-xayollari va xohish-istaklarini o‘rgandim. Natijada jamiyatda ijtimoiy masalalar ustuvorlik kasb etishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayniqsa, ijtimoiy zaif qatlam, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand kishilar dardini tinglab, ulara yechim topish kerak, degan xulosa keldim. Pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirish uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari manfaatlari qonunchiligimizda batafsil aks ettirilishida tashabbuskor bo‘lish niyatidaman.
Raxmon Raxmanov, pedagog, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ o‘quv markazi rahbari, 88-Bekobod saylov okrugidan nomzod:
— Inson qachon o‘zini xotirjam va baxtli his etadi? Qachonki ro‘zg‘ori but, ehtiyojlari ta'minlangan bo‘lsa, albatta. Buning uchun odam doimiy ish o‘rniga, oilasi va o‘zi uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi lozim. Mehnat bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotgan insonlar, jumladan, mehnat bozoriga endi kirib kelgan ta'lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib sharoitga ega hamda munosaib haq to‘lanadigan ish bilan band qilish eng ustuvor vazifalardandir.
Oblayor Sharipov, buxgalteriya hisobi va audit, “Qishloq qurilish bank” g‘aznachilik departamenti boshlig‘i, 89-Bo‘ka saylov okrugidan nomzod:
— Partiyamiz, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qori ijtimoiy ta'minlanganlik darajasi — jamiyat barqarorligining mustahkam poydevori, deb hisoblaydi. Demak, aholi turmush darajasini belgilashda, ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya'ni yashash minimumi va iste'mol savatchasi hamda ularni qo‘llash tartibini amaliyotga kiritilishi zarur.
Kizilgul Qosimova, shifokor, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 90-Bo‘stonliq saylov okrugidan nomzod:
— Xalq demokratik partiyasi fikricha, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ayniqsa, ijtimoiy xavfi bor kasalliklarni davolash va oldini olish — ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishidir. Bunda mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat'iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini, shuningdek, tegishli majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini qonunchilikda mustahkamlashga doir takliflarni ishlab chiqish va parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi bilan chiqishda faol ishtirok etishni maqsad qilganman.
Maqsuda Vorisova, shifokor, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 91-Zangiota saylov okrugidan nomzod:
— Biz jamiyatning har bir a'zosiga salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratilishi tarafdorimiz. Buning uchun qonunchilikda sohaga doir yangi me'yorlar, tartib-qoidalar joriy etilishi kerak, deb hisoblaymiz.
Xususan, partiya “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etmoqda. Bu orqali aholining alohida toifalariga ajratiladigan dori-darmon, protez-ortopediya vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordamni imtiyozli taqdim etish tizimini takomillashtirish hamda samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoni ortadi.
Nigara Yuldashova, pedagog, Toshkent viloyati Ohangaron tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri, 92-Olmaliq saylov okrugidan nomzod:
— Inson doimiy va munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun u biror bir kasb yoki hunar egasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun yoshlarni o‘qitish, ta'lim samaradorligini oshirish, oliy ta'limda barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish lozim.
Bulardan biri, to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladigan kam ta'minlangan oilalarning farzandlariga imtiyozli ta'lim kreditlarini ajratish bo‘lsa, yana bir muhim masala, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta'lim muassasalarida o‘qishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish. Ularning binoga, sinf va xonalarga to‘siqsiz, emin-erkin kirib-chiqishiga sharoit yaratish, audio vizual hamda brayl yozuvidagi adabiyotlarni ko‘paytirish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanishi uchun qulayliklar joriy etish muhim hisoblanadi.
Muradjan Nasirov, iqtisodchi, Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashma Kengashi raisi 94-Nurafshon saylov okrugidan nomzod:
— Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni mehnat faoliyati davomida himoya qilish partiyamiz hamisha ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib kelgan. Bundan keyin ham ushbu amaliyotni davom ettirgan holda, olis qishloq hududlaridagi maktablar, qishloq vrachlik punktlari va boshqa ijtimoiy soha obektlariga malakali va tajribali mutaxassislarni jalb etish maqsadida partiya bunday xodimlarni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish mexanizmini qonunchilikda mustahkamlash bo‘yicha taklif tayyorlash hamda uni parlamentdagi fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi sifatida ilgari surishni rejalashtirgan.
Ra'no Turdiboyeva, huquqshunos-pedagog, Toshkent davlat agrar universiteti akademik litseyi direktori, 95-Chinoz saylov okrugidan nomzod:
— O‘ylaymizki, jamiyatda tenglik yaratishning, ijtimoiy demokraktiyaning bosh mezoni bu fuqarolarning daromadini oshirish, ular uchun har tomonlama munosib ish o‘rinlari yaratishdan iborat. Buning uchun tadbirkorlik sub'yektlari imkoniyatlardan samarali foydalanish zarur. Xususan, tadbirkorlarni o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish kerak, deb hisoblaydi.
Masalan, mehnatga haq to‘lash miqdoridan kelib chiqib, ijtimoiy to‘lovlarning differensial stavkalarini belgilashni taklif etadi. Bunda korxona to‘laydigan o‘rtacha ish haqi qancha yuqori bo‘lsa, yagona ijtimoiy to‘lov miqdori shuncha pasayadi.
Zuxra Mirgaziyeva, pedagog, Chirchiq shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 96-Chirchiq saylov okrugidan nomzod:
— Bandlik siyosatining muhim shartlaridan biri bu xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta'minlash masalasidir. Shundan kelib chiqib, partiya uy mehnatini tashkil etishning yangi samarali shakllarini rivojlantirishga harakat qiladi. Xususan, maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollar uchun uy mehnati hamda ularning davlat-xususiy sherikligining tegishli shakllaridagi ishtirokini oshirish bo‘yicha ehtiyojlarini aniqlash va ishlab chiqilgan takliflarni xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.
Otabek Mirsagatov, bank ishi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Toshkent viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i, 97-Qibray saylov okrugidan nomzod:
— Ijtimoiy iqtisodiyot barchaning farovonligini ta'minlashga xizmat qilishi zarur, deb hisoblaymiz. Shu maqsadda partiya mahalliy hokimiyatlar darajasida hududlarning iste'mol tovarlarga ehtiyojini o‘rganish hamda aholining o‘sish tendensiyalarini hisobga olgan holda, iste'mol talabini rivojlantirish rejasini tayyorlash zarur deb hisoblaydi. Bunda, tegishli xududlarda ishlab chiqariladigan mahsulot uchun zarur resurslar mavjudligiga e'tibor qaratish lozim.
Bundan tashqari, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, ushbu holat ichki bozorda taqchillik keltirib chiqarmasligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirib yubormasligi lozim, deb hisoblaydi. Ana shunda sotuvchining ham, oluvchining ham manfaatlariga putur yetmaydi.
Mehrojidin Darxanov, jurnalist, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, 98-Yangiyo‘l saylov okrugidan nomzod:
— Bandlik, tibbiyot, ta'lim va boshqa qay bir sohada bo‘lmasin, inson sha'ni, qadr-qimmati, manfaatlari ustuvorligi ta'minlashi, tenglik va adolatning eng muhim shartidir. Bugun texnika va axborotlar asrida yashar ekanmiz, ijtimoiy birdamlik tinchlik va farovonlikni ta'minlashda alohida ahamiyat kasb etishini unutmaslik zarur.
Partiyamiz ushbu masalaga doir vazifalarini fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda milliy mustaqillik g‘oyasini mustahkamlash bo‘yicha davlat va fuqarolik jamiyati institutlari olib borayotgan ishlarni izchil qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiradi.
Shu munosabat bilan, partiya oila institutini mustahkamlash va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda o‘zining barcha tashkilotlarining yanada faol ishtirokini ta'minlashga intiladi.
Zuxra Shadiyeva, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jahon iqtisodiyoti kafedrasi dotsenti, 99-Do‘stobod saylov okrugidan nomzod:
— Xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rnimiz, so‘zimiz va pozitsiyamizga ega bo‘lishimiz bevosita mamlakatda sud-huquq sohasidagi ijtimoiy tenglik va ijtimoiy demokratiya tamoyillarining qanchalik joriy etilgani bilan bog‘liqdir. Shu ma'noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatda ijtimoiy demokratiya tizimini shakllantirish tarafdori. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat, jamiyat va sud-huquq sohalarida tenglikni ta'minlash demakdir.
Shu bilan birga, partiya ijtimoiy tenglikni ta'minlovchi masalalar bo‘yicha protsessual mexanizmlarni qonuniy jihatdan mustahkamlash hamda samarali parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarur, deb hisoblaydi.
Xalq demokratik partiyasi nomzodlari o‘z dasturlarida ko‘rsatib o‘tilgan ustuvor vazifalarni ilgari surar ekan, boshqa siyosiy partiyalar bilan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashlari uchun bo‘layotgan sog‘lom raqobat sharoitida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ta'sirchan parlament fraksiyasini yaratishni ta'minlaydigan munosib o‘ringa erishishni rejalashtirmoqda. Saylovchilar barcha uchun teng imkoniyat, maqbul sharoit yaratilishi bilan bog‘liq g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi
Axborot xizmati
Mavzuga oid
13:38 / 06.09.2021
Maqsuda Vorisova Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi
16:00 / 04.09.2021
Talaba o‘qisinmi yoki ijaraga pul topsinmi?!
18:12 / 02.09.2021
Maqsuda Vorisova mandat kechikayotgani haqida: Davlat test markazi izoh berishi shart!
14:00 / 05.07.2021