Jahon | 19:10 / 18.12.2019
15832
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning impichmenti: Kongress ovoz berishga tayyorlanmoqda

Foto: REUTERS/Andrew Kelly

AQSh prezidenti Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish jarayoni yakuniy bosqichga chiqdi. Bugun, 18 dekabr kuni Vakillar palatasida ovoz berish bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichda aksariyat demokratlar impichmentni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Agarda yetarlicha ovoz to‘plansa, ish respublikachilar ko‘proq bo‘lgan Senatga taqdim etiladi.

 Impichmentga nima asos bo‘lmoqda?

13 dekabr kuni Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi davlat rahbariga qarshi ikkita: hokimiyatni suiiste'mol qilish va o‘z faoliyati tekshirilishiga qarshilik ko‘rsatish ayblovlarini tasdiqladi. 16 dekabrda kongressmenlar o‘z qarorlarini asoslaydigan 169 sahifadan iborat hisobotni e'lon qilishdi. Ularning fikricha, prezident "davlatga xiyonat, poraxo‘rlik va boshqa og‘ir jinoyatlari va qonunbuzarliklari uchun impichment tartibida lavozimidan chetlatilishi shart".

Buning ortida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga nisbatan bosim o‘tkazish ayblovi yotibdi.

OAVda Tramp va Zelenskiyning g‘ayrioddiy telefon suhbati to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi impichment jarayoni boshlanganini e'lon qildi. AQSh prezidenti go‘yoki kiyevlik hamkasbidan sobiq vitse-prezident Jozef Bayden va uning Ukrainada ishlagan o‘g‘liga nisbatan ayblovlar topishni talab qilgan. Aks holda esa Kiyevga harbiy yordam ajratilishini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

 Respublikachilar nima demoqda?

Vakillar palatasidagi ozchilik respublikachilar Trampga qarshi ayblovlarni asossiz deb hisoblashmoqda.

Ovoz berish arafasida Donald Tramp Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga yozgan maktubida impichmentga urinishni izohladi. U muxolifatning harakatlarida Amerika demokratiyasiga qarshi "ochiq urush"ni ko‘rmoqda.

 Impichment nima?

Bu prezidentni lavozimidan chetlatish jarayoni. Konstitutsiyaga muvofiq, impichment "davlatga xiyonat, poraxo‘rlik va boshqa og‘ir jinoyatlar va qonunbuzarliklar"da ayblangan federal xizmatchilar (jumladan AQSh prezidenti)ni javobgarlikka tortishni ko‘zda tutadi. Ayblovni faqatgina Kongress Vakillar palatasi ilgari surish huquqiga ega, sud majlislari esa Senatda (yuqori palata) AQSh Oliy sudining bosh sudyasi raisligida bo‘lib o‘tadi.

 AQShda bunday holatlar ilgari ham bo‘lganmi?

AQShda davlat rahbarining impichment jarayoni uch marta ilgari surilgan, ammo birortasi ham oxirigacha yetmagan. 1868 yilda prezident Endryu Jonson (1865–1869) harbiy vazirni noqonuniy iste'foga chiqarishda, 1998-1999 yillarda Bill Klinton (1992–2000) yolg‘on guvohlik berish va odil sudga to‘sqinlik qilishda ayblangan, ammo ikkala prezident ham Senat tomonidan oqlangan. Richard Nikson (1969–1974) Senatdagi tinglovlar boshlanguniga qadar iste'foga chiqqan. Unga nisbatan "Uotergeyt" ishi doirasida impichment xavfi tug‘ilgandi.

 Prezidentni chetlatish jarayoni qanday o‘tadi?

Dastlab Vakillar palatasi impichment to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilishi uchun yuridik qo‘mitaga berilishi bo‘yicha ovoz beradi. Agarda qo‘mita impichment uchun asos bor deb topsa, u prezidentga nisbatan ayblov xulosasini tayyorlaydi va tasdiqlaydi.

So‘ngra ushbu hujjat to‘liq tarkibdagi Vakillar palatasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etiladi. U tasdiqlanishi uchun kongressmenlarning ko‘pchilik ovozi talab qilinadi. Ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlangan taqdirda, ayblovlar Kongress Senatiga taqdim etiladi va sud jarayoni boshlanadi. Bu yerda Vakillar palatasi ayblovchi tomon, senatorlar esa hakamlik sudi a'zolari vazifasini bajaradi. Impichment amalga oshishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan ovozi zarur (67tadan kam bo‘lmagan).

 Trampga impichment xavf solmoqdami?

Demokratlar nazorati ostida bo‘lgan Vakillar palatasi (435 o‘rindan 235ta) impichment jarayoni boshlanganini e'lon qildi. Ammo bu Tramp albatta iste'foga chiqishini anglatmaydi. Demokrat kongressmenlar nazariy jihatdan impichment uchun ko‘pchilik bo‘lib ovoz berishi mumkin, ammo bu masala respublikachilar ko‘pchilik bo‘lgan (100 o‘rindan 53ta) Senat ixtiyoriga o‘tadi. Senatning hozirgi tarkibi bilan impichment uchun ovoz berish ehtimoli yo‘qqa chiqadi.

Mavzuga oid