Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Endi prokuror asossiz qaror qabul qilsa, sud jarayonida muhokamaga duchor bo‘ladi – Svetlana Ortiqova
Svetlana Ortiqovaning fikricha bog‘chadan, maktabdan boshlab bolalar prokuror bo‘lishga tayyorlansa, ular hech qachon pora olmaydi, korrupsiya illatiga duchor bo‘lmaydi.
18 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta'minlash - xalq farovonligi va davlat taraqqiyotining kafolati» mavzusida munozara klubi yig‘ilishidan so‘ng Kun.uz’ga intervyu bergan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova prokuratura xodimlarining daxlsizligini suiiste'mol qilishi prokuraturaga obro‘ keltirmasligi haqida gapirdi, prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etilishini olqishlashini ta'kidladi.
– Yaqinda prokuratura xodimlarining daxlsizligini qisqartirishga oid qonun Senatda ma'qullandi. Bunday qarorga kelinishiga qaysi omillar turtki bo‘ldi?
– Biz qadam-baqadam ochiqlik, qonun ustuvorligi sari boryapmiz. Prokuraturaning «himoya» nuqtayi nazaridan bu tamoyil olib tashlangani meni xursand qiladi. Negaki, prokuror, tergov xodimlari O‘zbekiston Respublikasi hududida albatta qonunga qat'iy itoat qila boshlaydi.
Afsuski, amaliyotimizda bunaqa [prokuratura xodimlarining daxlsizligini suiiste'mol qilish bilan bog‘liq] nojo‘ya xatti-harakatlar uchrayapti. Bu prokuraturaga obro‘ keltirmaydi. Mana shu kafolat olib tashlangandan keyin prokuratura organlari tergov xodimlarining Konstitutsiyaga, qonunga, qoidalarga [rioya qilishi], o‘z mansabini suiiste'mol qilishining oldini olishda katta omil bo‘ladi, deb hisoblayman.
– Prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibini qachondan joriy etish rejalashtirilyapti?
– Prezidentimizning [Konstitutsiyaning 27 yilligiga bag‘ishlangan] tantanali marosimdagi ma'ruzasida shu haqda so‘z bordi. Ertasi kuniyoq davlatimiz rahbari bu bo‘yicha alohida qarorni imzoladilar. Hozir tegishli vazirlik- idoralar [mutaxassislaridan iborat] ishchi guruhlar tashkil etilgan. Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari tegishli topshiriqlarni olishdi. Mana shu qonun loyihasi ustida ish boshlandi. Xudo xohlasa yanagi yilga mana shu jarayon amalga oshiriladi.
[Ushbu yangilik joriy etilsa], prokuror yoki tergovchi qonunlarni mukammal o‘rganadi, protsessual kodekslarni yaxshilab bilib oladi. Chunki ertaga sifatsiz yoki qonunga asoslanmagan qarorlarni qabul qilsa, sud jarayonida muhokamaga duchor bo‘ladi. U o‘zigayam, butun tizimgayam, qolaversa, davlatgayam yaxshi obro‘ keltirmaydi. Shuning uchun ham [prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etilishini] juda qarshilayman, juda xursandman. Prokuror mas'ul mansabdor shaxs bo‘la turib, u yoki bu qonunosti hujjatiga yoki hokimning qaroriga yoxud fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yoki zarar yetkazishga qaratilgan qarorlarni qabul qilsa, shu qaror qonunga asoslangan bo‘lishi kerak, keyin uni prokuror sud jarayonida himoya qila bilishi kerak.
– Yagona tergov qo‘mitasi tashkil etish taklif etilyapti. Bu taklifni qo‘llab-quvvatlaysizmi yoki bunga zarurat yo‘q deb hisoblaysizmi?
– Boshqa davlatlarning tajribasini ko‘rsak, shunaqa jarayonlar bo‘lgan, prokuraturadan tergov ajralgan va hokazo. Mening fikrimcha, hozircha alohida tergov qo‘mitasi yoki vazirlik tashkil qilish, alohida yo‘nalish ochish, tizim yaratish uchun bunga jamiyat, xalq, davlat tayyor bo‘lishi kerak. Fikrimizcha, hozir bizning jamiyatimiz, xalqimiz bunga tayyor emas. Agarda tayyorgarlik nuqtayi nazaridan va jamoaviy munosabatlar shuni talab qilsa, bajonidil, prokuratura hamisha tayyor. Faqatgina jamiyat, xalq, davlat manfaati uchun.
– Prokuratura tizimini yangilash, korrupsiyadan xoli davlat organiga aylantirish va kadrlar almashinuvi jarayoni oxiriga yetkazildimi? Endi prokuratura korrupsiyadan xoli organ sifatida ishlaydi deb bemalol ayta olamizmi?
– Jurnalistlar orasidayam korrupsiyaga chalingan odamlar bor-ku? Siz bilan biz shundan baribir qizaramiz-ku, uyalamiz-ku? Lekin jurnalistikani korrupsiyasiz sohaga aylantira olamiz deb ayta olamizmi?! Yo‘q, albatta. Inson omili bor. Biz shuni kamaytirishning harakatida bo‘lishimiz kerak va shunda bosh prokurorimiz aytib o‘tgan konsepsiyaga muvofiq bog‘chadan, maktabdan boshlab siz bilan biz farzandlarimizni prokuror bo‘lishiga tayyorlasak, bu tizimga kirib kelganlar sohani sevib kirib kelishsa, hech qachon pora olmaydi, hech qachon korrupsiya illatiga duchor bo‘lmaydi. Shuning uchun keling, birgalashib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, tushunib ishlasak, menimcha, jamiyatimiz, davlatimiz, siz bilan biz yutamiz.
Mavzuga oid
22:03 / 13.06.2025
Ko‘r-ko‘rona tergov va prokurorning yolg‘oni: Olmazorda ayol kamida 80 kundan beri asossiz hibsda o‘tiribdi
20:12 / 26.05.2025
Samarqand shahrining sobiq prokurori Navoiy shahriga prokuror bo‘ldi
21:06 / 22.05.2025
Samarqand shahriga yangi prokuror tayinlandi
08:34 / 20.03.2025