Jahon | 21:12 / 19.12.2019
3563
2 daqiqa o‘qiladi

Per de Kubertenning Olimpiya manifesti 8,8 mln dollarga sotildi

Zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining asoschisi Per de Kubertenning Olimpiya manifesti Sotheby's auksion uyidagi savdolar vaqtida boshlang‘ich narxidan 16 marta qimmatroqqa sotildi. Bu haqda auksion uyi matbuot xizmati xabar berdi. 

Auksion 18 dekabrda bo‘lib o‘tgan va 3 tomon o‘rtasida 12 daqiqa davom etgan. Lotning boshlang‘ich narxi 500 ming dollar etib belgilangan, biroq yakunda u 8,8 mln dollarga sotilgan.

Kuberten manifestni 1889 yilda yozgan. 14 varaqdan iborat qo‘lyozmada zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining asoslari bayon etilgan. Kuberten unda “xalqlar o‘rtasidagi kurash faqat sportda bo‘lishi kerakligi”ni ta'kidlab o‘tgan. 

Per de Kuberten Olimpiya o‘yinlarining tiklanishi tashabbuschisi bo‘lib, u tomonidan o‘yinlarning ramzi, qasamyodi ishlab chiqilgan. Shuningdek, u   tomonidan Olimpiya o‘yinlarining shiori sifatida “Tezroq. Yuqoriroq. Kuchliroq” iborasi taklif etilgan. Olimpiya o‘yinlari vaqtida olijanoblik ko‘rsatganlik va irodalilik uchun XOQ tomonidan topshiriladigan maxsus mukofot Kuberten sharafiga nomlangan.

Mavzuga oid