O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabrdan Yaponiyaga davlat tashrifini boshladi. Tashrifni Nagoyadan boshlagan prezident 18 dekabr kuni Tokioda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shu o‘rinda Yaponiya va O‘zbekistonning aloqalari doim yaxshi bo‘lganini ta'kidlash kerak. O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan kunchiqar yurt bilan 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan va ular hamon davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni tongda rasmiy uchrashuvlarni boshladi. Dastlabki uchrashuv Aichi prefekturasi gubernatori Xideki Omura bilan o‘tkazildi. Yaponiyaning mashhur ilm-fan markazi hisoblangan Nagoya aynan Aichi prefekturasi markazi hisoblanadi. Uchrashuv davomida Toshkent viloyati Aichi prefekturasining sherigi etib belgilandi. Shuningdek, Xideki Omura bilan uchrashuvda Aichidan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish kelishib olindi.

Navbatdagi uchrashuv Nagoya shahri meri Takasi Kavamura bilan o‘tkazildi. Shavkat Mirziyoyev janob Takasi Kavamurani bir haftada ikkinchi marta qabul qildi. Oldingi uchrashuv 12 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgandi, bu galgisi esa Nagoyada bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv davomida Toshkentda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini qurish loyihasi muhokama qilingani ahamiyatli. Uchrashuv so‘ngida Toshkent shahar hokimligi va Nagoya meriyasi o‘rtasida bitim imzolandi.

«Sizlarni O‘zbekistonda kutaman» — 6 nafar Nobel mukofoti sovrindorini tarbiyalagan oliygohdagi uchrashuv

Tashrif doirasidagi yana bir muhim uchrashuv dunyoga mashhur Nagoya universitetida bo‘lib o‘tdi. Dunyo ilm-faniga 6 nafar fizika va kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlarini yetkazib bergan bu oliygohda ayni damda 16 ming talaba o‘qiydi. Ulardan 2,6 ming nafari xorijlik, xususan 30 nafari o‘zbekistonlik. Hozirga qadar bu oliygohda 400dan ortiq o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilar tahsil olgan.