O‘zbekiston | 23:41 / 19.12.2019
53104
3 daqiqa o‘qiladi

XPK moderatori 16 fevral va Andijon voqealari paytidagi senzura haqida gapirdi

G‘ulom Samadov / Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G‘ulomjon Samadov 19 dekabr kuni saylovlarni yoritish bo‘yicha Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda 1999 yilning 16 fevrali, 2004 yili Chorsu bozorida ro‘y bergan hodisalar, 2005 yilgi Andijon voqealarini yodga oldi va o‘sha paytdagi vaziyatni bugungi kun bilan solishtirdi.

«Jurnalist sifatida biz 1999 yil [16 fevral] voqealari, 2004 yildagi voqealar, 2005 yilgi Andijon voqealarini yoritganmiz. Ba'zida jim yoritganmiz, ba'zida yelka qisib qo‘yganmiz xolos. Chunki O‘zbekistonda bo‘layotgan voqea toki birinchi rahbarning fikri, kayfiyatiga va ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xulosasiga qaramasdan turib ommaviy axborot vositalarida berilmasdi. Berilsayam bir satr, bir jumla berilardi.

Kimning esida bor, 2000-yillarning o‘rtalarida Termiz – Toshkent yo‘nalishidagi samolyot halokatga uchragan, shu haqdayam bir sutkadan keyin qisqagina ma'lumot berilgan», degan G‘ulom Samadovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xalqaro press-klub bosh prodyuserining ta'kidlashicha, jurnalistlarning jamiyatga qanchalik kerakligi Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan fojiadan so‘ng ham bilingan. Uning aytishicha, hodisa OAV tomonidan juda faol yoritilgan. 

«O‘sha soniyaning o‘zida saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda voqeaning tafsilotlari tarqaldi. «UzReport» telekanali voqea joyidan turib birinchi marta reportaj qildi. Jurnalistlarning u hududga kiritilish-kiritilmasligini boshqa masala. Buning o‘zining obektiv-sub'yektiv sabablari bor. Butun dunyoda shunday, fojia joyiga jurnalistlar sutkalab kiritilmaydi. Lekin hukumat komissiyasi tezkorlik bilan tuzildi, OAVda har soatda bo‘layotgan ishlar haqida xabardor qilib borildi. Buyam juda katta yutuq», deb aytgan G‘ulom Samadov.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbirda O‘zLiDeP vakili Nuriddin Murodov Yunusobodda sodir bo‘lgan hodisani o‘rganish uchun tuzilgan komissiya tarkibida deputatlar ham bo‘lishi, fojia yuzasidan mutasaddilar xalqdan uzr so‘rashi kerakligini ta'kidlagan edi.

Mavzuga oid