O‘zbekiston | 16:20 / 22.12.2019
2400
2 daqiqa o‘qiladi

«Saylov jarayonini o‘zgartiradigan jiddiy kiberhujumlar bo‘lmadi» - Vazir

Bugun, 22 dekabr kuni, xalqaro matbuot markazida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqovning saylov jarayonlarining axborot ta'minoti bilan ta'minlangani darajasi haqidagi hisoboti tinglandi.

«Barcha 6720ta saylov okruglari va 10260ta saylov uchastkalari internet tarmog‘iga ulandi. Mavjud telekommunikatsiya tarmog‘i orqali internet xizmatlari bilan ta'minlashning texnik imkoni bo‘lmagan olis va tog‘li hududlardagi 30ga yaqin saylov obektlari yo‘ldoshli aloqa tizimi orqali internetga ulandi.

Saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishni ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi saylov.gov.uz manzili bo‘yicha joylashtirildi. Bugun soat 15:00dagi ma'lumotga ko‘ra, sayt tizimiga saylov jarayonlarini o‘zgartiradigan jiddiy kiberhujumlar bo‘lmadi.

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini to‘laqonli ishlashini ta'minlash maqsadida shakllantirilgan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida saylov yoshidagi 20,5 mln. dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolar kiritildi», deya Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur axborot tizimda jami 6720ta Oliy Majlis, viloyat va tuman (shahar) saylov okruglari, 10260ta saylov uchastkalari hamda 170313ta uchastka saylov komissiyalarining a'zolari to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotlar jamlangan. Respublika bo‘yicha jami 35 mingdan ortiq okrug va uchastka saylov komissiyalari a'zolari, operatorlari hamda siyosiy partiyalar a'zolarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalari oshirildi.

Sinov tariqasida 20ta saylov uchastkalarda fuqarolar biometrik pasporti ma'lumotlarini identifikatsiya qilish qurilmalari ham qo‘llanmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid