Jamiyat | 20:21 / 23.12.2019
9804
2 daqiqa o‘qiladi

AOKAning «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasidagi «Sovg‘alar karvoni» xayriya aksiyasi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida «Sovg‘alar karvoni» xayriya aksiyasi boshlandi.

12 ta mashinadan iborat karvon yurtimizning barcha 12 ta hududidagi ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internatlariga sovg‘alarni yetkazadi.

«Endi har bir internat zamonaviy sport anjomlari, turli musiqa asboblari va Brayl alifbosida chop etilgan ko‘plab bosma hamda audio kitoblarga ega bo‘ladi.

Umid qilamizki, Agentlikning ushbu aksiyasi sizning qalbingizga iliqlik olib kiradi, sizga Yangi yilning bayramona kayfiyatini tuhfa etadi va salomatligingizni mustahkamlashga, ko‘zlagan maqsadlaringizni amalga oshirish va hayotiy g‘alabalarga erishishingizga yordam beradi», — dedi Agentlik direktori o‘rinbosari, loyiha rahbari Saida Mirziyoyeva.

Mazkur aksiya doirasida Xorazm viloyatiga kelgan "Sovg‘alar karvoni” Xiva shahar 121-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga yetib keldi.

Maktab-internat o‘quvchilariga zamonaviy sport anjomlari, turli musiqa asboblari, elektron texnika vositalari, shirinliklar va Brayl alifbosida chop etilgan ko‘plab bosma hamda audio kitoblar topshirildi.

Shuningdek, bugun Qashqadaryo viloyat 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasasida ham o‘quvchilarga sovg‘alarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Jizzax shahriga kirish postida tantanali kutib olingan “Sovg‘alar karvoni” shahardagi Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga yetib keldi.

Maktab-internati tantanalar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda o‘quvchilar xayriya aksiyasi doirasida o‘zlari uchun ajratilgan sovg‘alarga ega bo‘lishdi.

Mavzuga oid