Jahon | 20:50 / 25.12.2019
42983
4 daqiqa o‘qiladi

«Liviyada «Vagner»ning 2 ming jangchisi nima qilmoqda?» - Erdo‘g‘an

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Liviyada Sudandan kelgan 5 ming nafar harbiy ham bor.

Foto: EPA/Vostock-photo

Liviyada ayni vaqtda rossiyalik oligarx Yevgeniy Prigojinga aloqadorligi aytiladigan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining kamida 2 ming nafar jangchisi bor. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Tunisdagi press-konferensiya vaqtida aytib o‘tdi.

«Bugungi kunda Liviyada sudanlik 5 ming va «Vagner»dan 2 ming yollanma jangchi nima qilmoqda? Ular u yerda nima qilishmoqda?», deya savol bilan yuzlangan Erdo‘g‘an Tunis prezidenti Qays Said bilan birgalikdagi matbuot anjumanda. 

Erdo‘g‘an Liviya milliy armiyasiga qo‘mondonlik qiluvchi general Xalifa Haftarni emas, balki unga qarshi bo‘lgan Liviya milliy yarashuv hukumatini qo‘llab-quvvatlashini eslatib o‘tdi.

U o‘z navbatida agar Tripolidagi Liviya milliy yarashuv hukumatidan taklif tushsa Turkiya o‘z harbiylarini bu hududga yuborishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya TIV bir necha marta mintaqada «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi jangchilari borligi haqidagi xabarlarni rad etgan. Liviya milliy armiyasi yetakchisi Xalifa Xaftar «uncha ko‘p bo‘lmagan rossiyalik harbiylar» ularga yordam berayotganini tan olgandi.

Liviyadagi vaziyat

Sentabr oyida OAVda «Vagner»ning bir necha yuz harbiysi Liviyaga Xaftar tomonida jang qilish uchun yetib kelgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Taxminlarga ko‘ra, yollanma harbiylar qurollar yetkazib berilayotgan karvonlarni qo‘riqlaydi, mahalliy harbiylarni tayyorlashda ishtirok etadi NYT nashri esa bu jangchilar harbiy harakatlarda ham ishtirok etishini tasdiqlagandi.

Erdo‘g‘an avval ham, dekabr oyi boshida shu mavzuda bayonot bergandi. Turkiya prezidenti rasmiy Anqara Liviyada Rossiyadan kelgan yollanma harbiylar bo‘lishiga ko‘z yumib turolmasligini qayd etgan.

Dekabr oyida Liviy milliy yarashuv hukumati rahbari Fayz Saroj Turkiya bilan harbiy yordam bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda fuqarolik urushi ketayotgan Liviyaga texnika va qurollar yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Rossiya TIV ham Liviyaga turkiyalik harbiylar kirishi mumkinligi rasmiy Moskvani tashvishlantirishini qayd etib o‘tgan.

«Albatta. Qo‘shni davlat sifatida qanday munosabatda bo‘lamizmi? Rezolyutsiya bor, qaror bor, qurol embargosi bor. Bu yerda ko‘plab masalalar bor», degandi vazirlikdagi manba.

Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Xaftar besh yildan buyon mamlakat g‘arbidagi koalitsiya kuchlariga qarshi kurashib kelmoqda. Aprel oyida u mamlakat poytaxti tomon yurish boshlagandi.

12 dekabrda Xaftar o‘z armiyasiga Tripoli uchun «hal qiluvchi yurish»ni boshlashga buyruq bergan.

Ayni vaqtda Liviyada qo‘shhokimlik yuzaga kelgan. G‘arbda Tripolida 2015 yilda Birlashgan millatlar tashkiloti ishtirokida tuzilgan bosh vazir Fayz Saroj boshchiligidagi hukumat hukmronlik qiladi va bu hukumat AQSh, Turkiya, Qatar, Italiya hamda G‘arbning boshqa qator davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Abdulla Abdurrahmon as-Soniy boshchiligidagi hukumat esa sharqda joylashgan va bu hukumat Xaftar armiyasiga tayanadi. G‘arb nashrlari ma'lumotlariga ko‘ra, sharqiy hukumatni Rossiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Misr qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mavzuga oid