Yana paqildoq mavzusi: pirotexnika vositalaridan foydalanishdan ko‘rilayotgan zarar ko‘lami qanday?
Har yangi yil shu bo‘lar takror... Pirotexnika bo‘yicha so‘z yuritish, har yilgi mavzuni yana bir tahlil qilish zaruriyati tug‘ildi. Bu masala yuzasidan bir necha ekspertlar bilan suhbatlashdik.
Dastlabki suhbatdoshimiz Respublika shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazining kombustiologiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Abdulaziz Fayozov.
– Yangi yil bayram kunlarida aynan pirotexnik vositalar tufayli jarohat olganlar va tibbiy yordamga murojaat qilganlar statistikasi olib boriladimi?
– Yangi yil bayrami kunlarida pirotexnik vositalar bilan kuyish jarohatini olishni nazorat qilish maqsadida doimiy statistika olib boriladi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillar mobaynida ichki ishlar, huquq-tartibot va sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida bu turdagi jarohatlanishlar keskin kamaygan. Agarda bundan 5-6 yil avval yangi yil kirish kunlarida pirotexnika vositalar bilan kuyish jarohatlarini olish juda ko‘p kuzatilgan bo‘lsa, bu yil bunday murojaat qilganlar bulmadi.
– Pirotexnika vositalarining sog‘likka asosiy xavflarini sanab o‘tsangiz.
– Pirotexnika vositalari inson organizmiga quyidagicha salbiy ta'sirlarni ko‘rsatishi mumkin:
· tananing yuz, ko‘z, qo‘l sohalarida og‘ir chuqur kuyish jarohatlarining yuzaga kelishi;
· ko‘zlarning shikastlanishi natijasida ko‘rish faoliyatining qisman yoki butunlay buzilishi;
· olingan kuyish jarohatidan keyin plastik operatsiyalar o‘tkazishga muhtojlik;
· kuygan sohalarida dag‘al chandiqlar, qo‘l barmoqlari sohalarida kontrakturalar hosil bo‘lishi;
· asoratlar bemorlarning ruhiy holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi kuzatiladi.
– Bunday vositalar tufayli kelib chiqqan jarohatlar paytida birinchi yordam to‘g‘risida tushuncha bersangiz.
– Avvalambor bunday shikastlanishlar asosan maktab yoshidagi bolalarda kuzatilishini hisobga olsak, biz yoshi kattalar tomonidan qat'iy nazorat olib borilishi talab etiladi. Pirotexnik vositalar ta'sirida kuyish jarohati yuzaga kelgan holatlarda kuygan sohalarni sovuq suv bilan yuvish hamda kuygan sohalarga o‘zi bilmagan holda turli xil dori vositalarini ishlatmaslik zarur. Birinchi navbatda aseptik bog‘lam qo‘yib, tez tibbiy yordam xizmati yoki shifoxonalarning kuyganlar bo‘limiga murojaat qilinishi zarur.
Galdagi suhbatdoshimiz Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov
– Pirotexnik vositalar noqonuniy olib kirilishi oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot bersangiz.
– Odatda yangi yil yaqinlashib kelishi bilan, pirotexnika vositalarini respublikamiz hududiga olib kirishga va noqonuniy savdosiga urinishlar ko‘payadi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona organlari tomonidan 234 ta holatda umumiy qiymati 4 milliard 551 million so‘mlik 3 million 569 ming 364 dona pirotexnika vositalari ushlab qolingan.
– Bunday vositalar aniqlanib, musodara qilingandan keyin qayerda saqlanadi va qay tartibda yo‘q qilinadi?
Pirotexnika vositalari aniqlangandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 200-sonli Qarori talablariga muvofiq vakolatli organ mansabdor shaxsi tomonidan bir sutka muddatda mol-mulkni saqlash uchun joylashtirish masalasi hal qilinadi.
Bunda, olib qo‘yilgan mol-mulk, qoidaga ko‘ra, saqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy boshqarmalari mol-mulkni sotish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga belgilangan tartibda shartnomalar tuzgan va mol-mulkni saqlash uchun tegishli joylarga ega bo‘lgan savdo tashkilotlariga beriladi.
Shuningdek, aniqlangan pirotexnika vositalarini yo‘q qilib tashlash to‘g‘risidagi kuchga kirgan sud qarori asosida tegishli idoralar bilan hamkorlikda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinadi.
Masalan, Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga olib kelingan yog‘och mahsulotlari orasiga yirik miqdordagi pirotexnika vositalari va biofaol qo‘shimchalar yashirilganligini aniqlab, mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi hukmiga muvofiq, umumiy qiymati 4 milliard 200 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi 102 118 dona pirotexnika vositalari hamda 5 613 dona sifati kafolatlanmagan biofaol qo‘shimchalar Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda tegishli idoralar vakillari bilan hamkorlikda belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Bu masala yuzasidan Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi rahbari Irina Sayfutdinovaning fikrlarini ham oldik.
– Pirotexnika vositalarining yashirincha sotilishiga qarshi kurash bo‘yicha ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashsangiz.
–Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan pirotexnika vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish, iste'molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida litsenziyasiz pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan.
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasi bilan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2501-moddada (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
– “Paqildoq otuvchilar” ustidan shikoyatlar tushib turadimi, ular qay tartibda ko‘rib chiqiladi va qanday jazolar nazarda tutilgan?
– Albatta, bunday shikoyatlar ayniqsa bayram kunlari juda ko‘payadi. Xodimlarimiz zudlik bilan joylarga chiqib, kerakli choralarni ko‘radilar. Ichki ishlar xodimlari chora ko‘rish bilan cheklanmay, bu masala yuzasidan aholi o‘rtasida, ayniqsa maktablarda bolalar bilan profilaktik suhbatlar ham o‘tkazib boradilar. Chunki yosh avlod bu xavfni to‘la anglab yetmaydi.
Pirotexnika bo‘yicha yana bir muhim soha – yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ma'lumotlar olish uchun “Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi”ning OAV vakillari bilan ishlash bo‘limi rahbari Jaloliddin Hakimov bilan ham hamsuhbat bo‘ldik.
– Aynan pirotexnik vositalar tufayli kelib chiqqan yong‘in holatlari bo‘yicha ma'lum davr statistikasi mavjudmi?
– Mavjud. 2018 yilda aynan pirotexnika vositalari tufayli 3ta yong‘in holati kelib chiqqan. Quvonarli tomoni, ularda kuyish va o‘lim holatlari qayd etilmagan. Ammo fuqarolar mol-mulkiga 96 mln. so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
2019 yilning o‘tgan 11 oyi davomida pirotexnika vositalaridan foydalanish oqibatida 5ta yong‘in kelib chiqqan. Tan jarohati olganlar, halok bo‘lganlar yo‘q. Ko‘rilgan moddiy zarar 11mln 776 ming so‘mni tashkil etgan.
– Shu vositalar ishlatilganda ehtiyotsizlik tufayli kelib chiqqan yirik yong‘inlar to‘g‘risida aniq misollar keltirsangiz.
– 2018 yil 1 yanvar soat 00:14 da Toshkent viloyatida pirotexnika vositalaridan foydalanishda ehtiyotsizlik tufayli yong‘in kelib chiqqan. Sana va vaqtga e'tibor bersangiz, aynan yangi yil kirib kelgan payt. Bayramni nishonlash, shodlik paytida ko‘pchilik diqqatni yo‘qotadi. Bu esa ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizga, ayniqsa bolalarga ehtiyotkor bo‘lishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Abror Zohidov tayyorladi.
Mavzuga oid
20:20 / 27.11.2024
Toshkentdagi xonadondan salkam 25 ming dona pirotexnika vositalari aniqlandi
08:16 / 27.11.2024
Toshkent viloyatida o‘z uyida pirotexnika vositalarini saqlab kelgan shaxs ushlandi
11:38 / 25.11.2024
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
15:02 / 23.11.2024