Toshkent shahrida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 4 mln donadan ortiq pirotexnika vositasi maxsus xandaqqa ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Yashnobod tumanidagi Favqulodda vaziyatlar bo‘limining 20-yong‘in qutqaruv qismida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etib, Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Husang Tangriyevdan intervyu oldi.
Husan Tangriyev tahririyat muxbirining har yili Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalari ko‘payib qolishi, ular respublika hududiga qanday olib kirilayotgani haqidagi savoliga javob berarkan, bu og‘riqli masala ekanligini bildirdi.
“Eng katta og‘riqli savol ham aslida shu. Yoz oylarida Toshkent viloyatining chegaradosh hududida yashirin tunnel aniqlangandi. Xonadonidan tunnel kavlagan shaxs bilan suhbatlashganimizda o‘zim uchun qiziq bir-ikkita ma’lumotga duch keldim. Ya’ni har bir yuk, har bir sumka ma’lum bir haq evaziga tunnel orqali chegaradosh hududlardan o‘tkazib berilgan. Mana shu kabi tunnellardan olib o‘tishga urinishlar bo‘lgan, degan fikrdaman.
Shunday holatlar aniqlanganki, hatto pirotexnika vositalarini qoplarga solib, ularni yaxshilab o‘ragan holda transchegaraviy soylar, daryolar orqali oqizib olib o‘tishga urinishgan. Yoki chegarada sim to‘siqlar yoniga qo‘yib ketadi va lokatsiya tashlanadi, ikkinchi tomondan kelib uni olib ketishadi.
Chegaradosh hududlarda olib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan yurtdoshlarimiz mana shu pirotexnika vositalarini o‘sha chegaradosh mahallalardagi turli xonadonlarda ma’lum bir haq evaziga saqlaydi. Xonadon egalari ham ma’lum bir haq evaziga o‘sha pirotexnika vositalarini saqlab turish uchun o‘zining xonadonidan foydalanishga ruxsat bergan holatlarni ham ko‘ramiz. Shuning uchun, mas’uliyat bu yerda har birimizga bog‘liq”, degan Husan Tangriyev.
Kun.uz jurnalistining pirotexnika vositalari chegaradan noqonuniy kirib kelayotgan ekan, demak, bu qurol-yarog‘ yoki giyohvand moddalari ham bo‘lishi mumkinligi haqidagi savoliga Tangriyev bu xavotir o‘rinli ekanligini bildirdi.
“Afsuski, birgina 10 oy davomida bir nechta qurollar yoki 2 ming donadan ortiq jangovar o‘q-dorilar ushlandi. Yoki birgina Bojxona organlari tomonidan shu yilning o‘zida to‘xtatib qolingan giyohvand vositalarining miqdori bir tonnadan oshdi.













