O‘zbekiston | 19:25 / 30.12.2019
21742
4 daqiqa o‘qiladi

Maykl Pompeo O‘zbekistonga kelishini tasdiqladi

AQSh Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo 2020 yilda O‘zbekistonga kelishiga oid xabarlarni tasdiqladi.

«Yangi yilda Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Kiprga safar qilib, hamkasblarim bilan ko‘rishish hamda AQSh siyosatining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini tasdiqlashni intizorlik bilan kutyapman», – deb yozdi Pompeo Twitter sahifasida.

AQSh Davlat departamenti press-relizida qayd etilishicha, Pompeo turnesini 3 yanvar kuni Ukrainadan boshlaydi. U Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, TIV rahbari Vadim Pristayko va Mudofaa vaziri Andrey Zagorodnyuk bilan muzokaralar o‘tkazadi.

4 yanvar kuni Belarusda bo‘ladi, Yevropa mamlakatlariga tashrifini yakunlagach, avval Qozog‘istonga, keyin O‘zbekistonga keladi.

4 yanvar kuni Pompeo Minskda bo‘lib, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey bilan uchrashadi. 

5 yanvar kuni u Nur-Sultonga uchadi, uni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qabul qiladi, u shuningdek Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev hamda TIV rahbari Muxtar Tleuberdi bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

5-6 yanvar kunlarida Pompeo Toshkentda bo‘ladi.

O‘zbekiston TIV xabar berishicha, AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi. 

«Tashrif dasturida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi nazarda tutilgan bo‘lib, unda 2018 yil may oyida Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-AQSh uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi hamda xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. 

6 yanvar kuni AQSh Davlat kotibi «Markaziy Osiyo – AQSh» shaklidagi vazirlar uchrashuvida («C5+1») ham ishtirok etadi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlikka oid masalalarni,  xususan, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, chegara xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning savdo va transport tizimlariga Afg‘onistonni integratsiya qilishni muhokama qiladilar», deyilgan xabarda.

7 yanvar kuni u Kiprga keladi, u bu yerda respublika prezidenti Nikos Anastasiadis va TIV rahbari Nikos Xristodulidis bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Pompeoning O‘zbekistonga kelishi haqida avvalroq Kun.uz manbasi ham xabar bergandi.

Qayd etish joiz, Amerika tashqi siyosat idorasi rahbarining Toshkentga kelishi – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyeyovning fevral oyi boshida Rossiyaga tashrifi arafasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan avvalroq, Pompeo Qozog‘istonga tashrifi davomida AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini taqdim etishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid