O‘zbekiston | 13:32 / 11.01.2020
41166
7 daqiqa o‘qiladi

Hukumat tuzilmasida yangi departament tashkil etildi. Unga 20ta vazirlik va idoralar biriktirildi

Foto: KUN.UZ

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasidagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab- quvvatlash masalalari departamenti unga qo‘shimcha 8ta shtat birligini kiritgan holda Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti etib qayta tashkil etildi.

Quyidagilar qo‘shimcha ravishda Departament faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

milliy iqtisodiyotning muhim vazifalarini hal etish hamda uni barqaror rivojlantirishga qaratilgan integratsiyalashuv imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini muvofiqlashtirish;

O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va diversifikatsiyasini ta'minlash hamda energetika, agrar sohalarni jadal rivojlantirish siyosatini amalga oshirishga qaratilgan integratsiyalashuv imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

ishlab chiqarishni texnik jihatdan tartibga solish, xalqaro standartlarni tatbiq etish, akkreditatsiya. veterinariya, sanitariya va fitosanitariya sohalarida zamonaviy boshqaruv tizimini hamda integratsiyalashuv imkoniyatlarini joriy etish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqish;

respublikaning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan integratsiyalashuvi sharoitida bojxona-tarif va notarif tartibga solishning samarali tizimini rivojlantirish va uni qo‘llash choralarini muvofiqlashtirish;

tovarlar (ishlar, xizmatlar) va kapitalning xalqaro ko‘lamda harakatlanish jarayonlarini hamda mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish va ularning tashqi bozorga erkin chiqish imkoniyatlarini monitoring qilish asosida O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini muvofiqlashtirish;

respublikada transport kommunikatsiyalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmalarida islohotlar amalga oshirilishining kompleks o‘rganilishi va tahlil qilinishini tashkil etish natijalari asosida integratsiyalashishga doir takliflar ishlab chiqish;

O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi bo‘yicha muzokaralar jarayonida ishtirok etish hamda integratsiyalashuvga mas'ul bo‘lgan mutasaddi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish, shuningdek, xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish;

milliy qonunchilikni O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuviga asos bo‘luvchi amaldagi xalqaro shartnomalarga moslashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar tayyorlash;

O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi yuzasidan tizimli monitoring olib borish hamda tegishli ma'lumotlarni to‘plash, umumlashtirish va tahlil qilish.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi o‘z markaziy apparati tuzilmasida xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida O‘zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi masalalari bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linmalarni tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Departamentning qo‘shimcha shtat birliklari Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tizimidagi bittadan shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;

nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlari markaziy apparatida tashkil etiladigan tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining soni tegishli idora faoliyatining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda uning rahbari tomonidan belgilanadi.

Departamentga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar

 1. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

2. Moliya vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi - tashqi mehnat migratsiyasi va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

4. Tashqi ishlar vazirligi - tashqi mehnat migratsiyasi va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

6. Energetika vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

7. Ichki ishlar vazirligi - tashqi mehnat migratsiyasi qismida;

8. Transport vazirligi - mehnat migrantlarining transport xavfsizligi va respublikadan tashqarida ularni tashish hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

9. Qurilish vazirligi - mehnat migrantlari va ular oilalarining yashash sharoitlarini yaxshilash hamda ularga uy-joy qurib berish qismida;

10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish qismida;

12. Sog‘liqni saqlash vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

13. Adliya vazirligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

14. Davlat bojxona qo‘mitasi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

15. Davlat soliq qo‘mitasi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

16. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

17. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

18. Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

19. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari qismida;

20. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari - mehnat migrantlarini qaytarish, ularni reintegratsiya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish qismida hamda boshqa tegishli sohalarda.

Departament bilan hamkorlik qilinishi ta'minlanadigan tashkilotlar ro‘yxati

1. Savdo-sanoat palatasi;

2. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi;

3. Xotin-qizlar qo‘mitasi;

4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi.

Mavzuga oid