O‘zbekiston | 21:15 / 15.01.2020
31452
3 daqiqa o‘qiladi

«Jarima to‘lasam ham, chiqindi tashlayveraman» – «Amirsoy»da ichki turizm muammolari

Bugun, 15 yanvar kuni «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurortida Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi ekologik vaziyat, sayohat va ommaviy dam olish maskanlaridan foydalanish madaniyati, uni keng jamoatchilik orasiga yoyish borasida qilinayotgan ishlar muhokama etildi.

Dastlab mavjud muammolar – ommaviy dam olish maskanlaridagi tartibsiz holat, chiqindilarni belgilanganidan boshqa joylarga tashlab ketilishi holatlari tanqid qilindi. Shuningdek, yo‘llarda ekologiyani asrashga targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmali bannerlarning yo‘qligi ham ta'kidlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ibratjon Karimov mavsum payti Bo‘stonliqqa tumanning o‘z aholisidan deyarli ikki barobar ko‘p sayyoh kelishini, obodonlashtirish xodimlari tozalash ishlariga ulgurmasligini aytdi.

«Bo‘stonliq tumanini obodonlashtirishda 20ga yaqin texnika, 50ga yaqin odam ishlaydi, lekin tumanda 160 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi va mavsum paytida 300 mingdan ortiq sayohatchilar keladi. Biz 20-30ta texnika yoki 60 nafar odamimiz bilan buni tozalay olmaymiz», – deydi Ibratjon Karimov.

Shuningdek, u 2020 yildan yo‘l bo‘ylarida bilbordlar, chiqindi tashlash mumkin bo‘lgan yerlarga yo‘l belgilari o‘rnatish boshlanganini aytib o‘tdi.

Karimovning aytishicha, 2019 yilda maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashlamagan 13874 nafar fuqaroga jarima qo‘llanib, 2 mlrd 700 mln so‘m mablag‘ davlat budjetiga undirilgan.

Maishiy chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash qancha miqdorda jarimaga tortilishi haqidagi savolga Qonunchilik palatasiga Ekologik partiyadan saylangan Xayrulla G‘affarov javob berdi.

«Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 82, 91, 123-moddalarida chiqindini tashlash bo‘yicha normalar belgilangan. 82-moddaga muvofiq, muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzsa, hozirgi kunga hisoblaganda 1 mln 115 ming so‘m jarimaga tortiladi. Chiqindi tashlash aynan rejim buzilishidan biri hisoblanadi.

Fuqaro 91-moddada ko‘rsatilganidek noqonuniy joyga chiqindini tashlaydigan bo‘lsa, hozirgi kunda 669 ming so‘m jarima to‘laydi.

123-moddaga asosan esa, avtomashinadan chiqindini tashlaydigan bo‘lsa, hozirda 223 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi», – dedi Ekopartiya deputati.

IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmasi Jamoat tartibini saqlash bo‘limi boshlig‘i Rustam Bekjanov fuqarolarda huquqiy madaniyatni oshirish kerak, deya fikr bildirdi.

«Ba'zi fuqarolar jarimaga olib borilganda, puli ko‘pligidan «Mayli, to‘layman shu jarimani, lekin yana qilaveraman», degan holatlar ham bo‘lmoqda», – deydi Xavfsiz turizmni ta'minlash inspektori.

Mavzuga oid