21:00 / 15.01.2020
7
33811

Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency pensiya puliga qurilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Pensiya jamg‘armasi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya puliga qurilgani haqida internetda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Pensiya puliga qurilgan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtiriladi» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda «Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan» mazmunidagi ma'lumotlar berilib, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqalishiga va aholi orasida tushunmovchilik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda, avvalo Pensiya jamg‘armasiga yuklatilgan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tish lozim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 30 dekabrdagi «Fuqarolarning pensiya ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Pensiya jamg‘armasi:

  • fuqarolarning davlat pensiya ta'minotini tashkil qiladi, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlaydi;
  • pensiyalar hamda boshqa to‘lovlarni to‘liq hajmda moliyalashtiradi va to‘lanishini tashkil qilib, ular bo‘yicha hisob va hisobotni yuritadi;
  • pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilib, monitoringini olib borish, pensiya ta'minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan qat'iyan maqsadli foydalanilishini ta'minlaydi.

Alohida ta'kidlash lozimki, Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hech bir ko‘rinishdagi loyihalarni moliyalashtirishga sarflanmaydi. Xususan, maqoladagi «Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi pensiya oluvchilarning puliga bunyod etilgan»ligi ko‘rsatilgan ma'lumot noto‘g‘ri keltirilgan. Ushbu loyihaga Pensiya jamg‘armasi tomonidan hech qanday mablag‘ ajratilmagan. Jamg‘arma mablag‘laridan faqat pensiyalar to‘lovini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.

Amaldagi qonunchilik talablariga binoan, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘lari mavjud bo‘lgan holda qisqa muddatli tijorat banklaridagi depozitlarga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtiriladi», deyiladi Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top