O‘zbekiston | 19:55 / 18.01.2020
39834
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov 2021–22-yillar uchun kutilayotgan inflatsiya haqida gapirdi

Bugun, 18 yanvar kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining majlisi o‘tkazildi. 

Unda bosh vazir lavozimiga nomzod Abdulla Aripov hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturini taqdim etdi. 

Xususan, 2020 yilda ham makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiyotni, eng avvalo, uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish, faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirish hukumat oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

«Joriy yilda iqtisodiyotda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6.5 foizga, qurilish ishlari 9.3 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 4 va xizmatlar ko‘rsatishni 5.7 foizga oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulot 5.5 foizga o‘sishini ta'minlash choralari ko‘riladi.

Shuningdek, 2020 yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 30.3 foiz, investitsiyalarning ulushi esa 34.4 foizga yetkaziladi.

Makroiqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan past bo‘lmasligi to‘liq ta'minlanadi», dedi Aripov.

Hukumatning harakatlar dasturida shuningdek, bank-moliya tizimini isloh qilish rejalari ham o‘rin olgan. Unga ko‘ra, Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda bank sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi hamda pul-kredit siyosatini rivojlantirish, valutani tartibga solishning barqapor mexanizmlarini joriy qilish, milliy valuta barqarorligini ta'minlash maqsadida respublikada valuta bozorini yanada rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Abdulla Aripov yig‘ilish davomida ichki bozorni mahalliy iste'mol tovarlari bilan to‘ldirish hamda inflatsiya darajasini yuqori bo‘lmagan sur'atda ushlab qolishga e'tibor qaratilishi haqida ham gapirdi. 

Ung ko‘ra, «2021 yilda inflatsiya darajasini 11 foiz, 2022 yilda esa 10 foizdan past bo‘lgan darajada saqlab turish choralari ko‘riladi», - deya Abdulla Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid