Jahon | 23:55 / 20.01.2020
20062
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng tez aylanuvchi jism daqiqasiga 300 mlrd marta aylandi

AQShning Perdyu universiteti olimlari o‘z rekordlarini yangilashdi. Gap shundaki, ular 2018 yilda dunyodagi eng tez aylanuvchi jismni yaratishgan. Ushbu jism daqiqasiga 60 mlrd marta aylana olgan. Endi esa shu olimlar jamoasi o‘z rekordini 5 marta yaxshilay oldi. Bu haqda Nature Nanotechnology nashrida ma'lum qilindi. 

Avvalgi tajribadagi kabi jism o‘zidan vakuumda muallaq turgan kremnezyomning gantel ko‘rinishidagi nanozarrasini aks ettirgan. Nanozarrani aylantirish uchun ikkita lazer qo‘llangan. Bitta lazer uni joyida ushlab turgan, ikkinchisi esa aylantirgan. Yorug‘lik fotonlari jismga tushganda, unga radiatsiyaviy bosim kabi ma'lum bo‘lgan kuch bergan. 

Odatda bu kuch sezilarli effekt hosil qilish uchun juda kuchsizdir. Biroq deyarli ishqalanish bo‘lmagan vakuumda u jismlarni rekord tezlikda aylantiradi. Olimlar o‘tkazgan tajribada jismning aylanish tezligi daqiqasiga 300 mlrd martani tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, tish shifokori bormashinasi daqiqasiga 500 ming marta, tabiatdagi eng tez aylanuvchi jism – pulsar esa 43 ming marta aylanadi.

“1600-yillarda Iogann Kepler kometalar dumi radiatsiyaviy bosim sababli doimo Quyoshga qarshi tomonga yo‘nalgan bo‘lishini ko‘rgan. Biz nanozarralar aylanishi uchun ham xuddi shu hodisani lazerlar bilan amalga oshiramiz”, deb aytgan tadqiqot muallifi Tongkan Li.

Olimlarning ma'lum qilishicha, ushbu ishlanmani vakuum ishqalanish va nanoo‘lchamli magnetizm kabi kvant effektlarini o‘lchashda qo‘llash mumkin. 

Mavzuga oid