O‘zbekiston | 20:30 / 21.01.2020
25971
2 daqiqa o‘qiladi

Tomskdagi fojia bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga asosan Rossiyaning Tomsk oblastida 10 nafar o‘zbekistonlik o‘limiga olib kelgan yong‘in sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga asosan, yong‘in sabablarini o‘rganish, jabrlanganlar va halok bo‘lgan fuqarolarning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzilib, unga qator vazifalar yuklatildi», deyiladi xabarda.

Komissiyaga halok bo‘lgan fuqarolar va jabrlanganlarning yaqinlariga zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, jabrlanganlar va halok bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadini vatanga olib kelish bo‘yicha tashkiliy choralarni ko‘rish, Rossiya mutaxassislari bilan hamkorlikda yong‘inning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, mahalliy hokimiyat va o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda vafot etgan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularning oila a'zolariga dafn marosimlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish vazifalari yuklatilgan.

21 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumani Prichulimskiy aholi yashash punkti Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli yog‘ochdan qurilgan 1/3-uyda yong‘in ro‘y berdi.  Yong‘in oqibatida uyning tomi qulab tushgan, 11 kishi halok bo‘lgan, ulardan 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari edi.

Bundan avvalroq yong‘in oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning shaxsiga aniqlik kiritilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid