O‘zbekiston | 23:41 / 22.01.2020
16887
3 daqiqa o‘qiladi

Aripov «Doing business» bo‘yicha yaqin o‘n yillikdagi rejalarni ochiqladi

Oliy Majlis palatalarining 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ilk qo‘shma majlisida so‘z olgan bosh vazir Abdulla Aripov hukumatning yaqin va uzoq istiqbol uchun rejalari haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda Jahon banki tomonidan yuritiladigan «Biznes yuritish» (Doing Business) reytingida keskin yuqorilashni maqsad qilgan va buning uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

«Jahon bankining «Biznes yuritish» indeksida O‘zbekistonni hozirgi 69-o‘rnidan 2030 yilga qadar 20-o‘ringacha ko‘tarish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘riladi va bu bo‘yicha prezident tomonidan aniq vazifalar hukumat oldiga qo‘yilgan», deya bosh vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, «Doing Business» bu – o‘rta va kichik biznesning ishbilarmonlik faolligini yaxshilaydigan yoki cheklaydigan qonunchilikni baholab boruvchi reyting hisoblanadi.

Reyting dunyoning turli davlatlarida biznes yuritish qulayligini baholovchi ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi. Tahlillar biznes boshlash, qurilish uchun ruxsat olish, mol-mulkni ro‘yxatga olish, kredit olish, elektr ta'minotiga ulanish, soliq, xalqaro savdo, shartnomalarning bajarilishi va to‘lovga qodir bo‘lmaslik kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

«Doing Business» indeksining oxirgi o‘n yillikdagi natijalarida O‘zbekiston o‘z o‘rnini keskin yaxshilab borayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, so‘nggi 8 yilda O‘zbekiston ushbu reytingda 104 pog‘ona o‘sishga erishgan.

Jahon banki ushbu indeks natijalarini so‘nggi bor 2019 yil yakunlari bo‘yicha joriy yilning yanvar oyi boshida e'lon qildi. Unga ko‘ra, yillik hisobotda O‘zbekiston 7 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan 20 mamlakat qatoriga kirdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2019 yil yakunlari bo‘yicha 100 baldan 69,9 ball to‘plab, 190 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. 2018 yilgi reytingga nisbatan mamlakat 76-o‘rindan 7 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Mavzuga oid

E`lonlar