O‘zbekiston | 21:20 / 23.01.2020
13412
5 daqiqa o‘qiladi

Belgiyalik sayyoh: «O‘zbekiston – yevropaliklar uchun kashf etilmagan o‘lka»

O‘zbekistonni tasodifan kashf etgan, bu yerga bir bor kelib, yana qaytib kelishni niyat qilgan, qayta-qayta tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar oz emas. Biz ana shunday xorijliklardan biri, Belgiyaning Zonxoven shahridan bo‘lgan Jon Reynxard bilan suhbatda bo‘ldik.

Reynxard rafiqasi Marlin Tutenel bilan «Let’s Discover» nomli, jurnalistik mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan agentlikni yuritadi. Ularning ikkisi ham jurnalist va professional fotosuratchi.

– O‘zbekiston haqida ilk bor qachon eshitgansiz? Sizni bu yerga nima jalb qilgan?

– 2019 yil boshida Joanna Lamlining Buyuk ipak yo‘li haqidagi televizion ko‘rsatuvini tomosha qilgandik. Ko‘rsatuvda O‘zbekiston ham namoyish etilgandi. Biz bu mamlakatning go‘zalligidan hayratda qoldik. Turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekistonga albatta borishga qaror qildik va O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasiga murojaat qildik.

– Demak, O‘zbekistonga birinchi marta o‘tgan yili kelgansiz? Tashrif paytida qaysi shaharlarda bo‘lgandingiz?

– Ha, birinchi tashrifimiz 2019 yil may oyida edi. Undan keyin sentyabrda Niderlandiya va Belgiyadan o‘n nafar jurnalist bilan birgalikda press-sayohat uyushtirdik. Biz Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada bo‘lganmiz. Tez orada O‘zbekistonning sharqiy qismiga ham borish niyatidamiz.

– Dastlabki taassurotlaringiz haqida gapirib bera olasizmi?

– Bizni odamlarning mehmondo‘stligi va samimiyligi hayratda qoldirgan. Madaniy obidalarning go‘zalligidan hayratlandik. Tabiat manzaralarining xilma-xilligi, zamonaviy tezyurar poyezdlar va boshqa ko‘plab hayratlanarli narsalar bizni o‘ziga jalb etdi. Milliy liboslar va lazzatli taomlarni ham albatta unutmaslik kerak.

– O‘zbekistonning eng qiziqarli xususiyatlarini sanab bera olasizmi?

– O‘zbekistonning har bir joyi sirlarga to‘la. O‘zbekiston Yevropadagi odamlar uchun kashf etilmagan o‘lka. Bu yer mehribon insonlari bo‘lgan xavfsiz mamlakat. Bizga sayyohlik politsiyasi ham borligi ma'qul keldi.

– Yaqinlaringiz va do‘stlaringizga O‘zbekistonga sayohat qilishni maslahat berasizmi?

– Albatta. Biz bu haqda yozamiz. Facebook`da «Let’s discover Uzbekistan» (Keling, O‘zbekistonni kashf etamiz) nomli sahifamiz bor. Sentabr oyida biz fotograflar uchun sayohatlar uyushtiruvchi o‘z sayyohlik agentligimizni ishga tushiramiz.

– O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun nimalarga e'tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Avvalo, har bir sayyohlik maskani haqida ingliz tilida ma'lumotlar berish, reklama qilish kerak. Shuningdek, diqqatga sazovor joylar va Toshkent metrosida ingliz tilidagi yozuvlarni joylashtirish lozim. Belgiya va Niderlandiyada o‘tkaziladigan sayyohlik ko‘rgazmalarida faol ishtirok etish kerak bo‘ladi.

– O‘zbekistonga sayohat paytida nima sizni ranjitdi?

– Vaqtning judayam tez o‘tishi! Bundan tashqari, Buxoro va Xiva o‘rtasida haligacha tezyurar poyezd yo‘lga qo‘yilmagan.

– O‘zbekistondan tashqari qaysi mamlakatlarda bo‘lgansiz? Ushbu mamlakatlar va O‘zbekiston o‘rtasida turizm sohasidagi xizmat ko‘rsatishdagi tafovutlarni ko‘rsata olasizmi?

– Biz Xitoy, Vetnam, Hindiston, AQSh, Yevropaning barcha mamlakatlari, Gruziya, Afrika shimoli va boshqa ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganmiz. O‘zbekiston turizmi – yangi yo‘nalish. Bu yerda turar joylarni rivojlantirishni jadallashtirish kerak.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev bilan

– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

– Shu yilning mart, aprel, may va sentabr oylarida O‘zbekistonga yana kelishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Bundan tashqari, avgust oyida O‘zbekiston to‘g‘risida kitob chop etishni rejalashtirganmiz. Unda O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida fotosuratlari bilan batafsil ma'lumot beriladi. Kitob Dominicus Reisgidsen nashriyotida chop etiladi.

Dilshod Asqarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid