O‘zbekiston | 20:00 / 23.01.2020
8517
4 daqiqa o‘qiladi

Tomskdagi fojia qurbonlarining jasadlarini imkon qadar qisqa muddatlarda O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovning aytishicha, Rossiyaning Tomsk viloyatidagi yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari DNK tekshiruvidan so‘ng O‘zbekistonga qaytariladi. U bu haqda 23 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Hozirgi kunda Rossiyaning Tomsk viloyatida ro‘y bergan fojia bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruh tarkibida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi xodimi ham bor. Ishchi guruh ayni paytda Tomskda.

Hozirgi kunda jasadlar identifikatsiya qilinmoqda, ya'ni DNK tekshiruvi orqali vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda. O‘zbekistondan marhumlarning qarindoshlari DNKlari olib borilib, solishtirish ishlari olib borilyapti. Genotipik ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng jasadlarni vatanga yuborish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda Rossiyadagi hamkorlarimiz bilan birgalikda jasadlarni imkon qadar qisqa muddatlarda O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda», deya Baxtiyor Tursunovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'kidlanishicha, fojia qurbonlarining dafn marosimlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

«Tomskdagi fojia qurbonlarining oila a'zolariga yordam ko‘rsatish masalasiniyam o‘rganyapmiz. Agar fojia ish beruvchining aybi bilan yuz bergani tasdig‘ini topsa, ish beruvchidan har bir marhum uchun kompensatsiya undirish imkoni bor. Hali surishtiruv ishlari tugamagan. Yong‘in sabablarini hali hech kim aniq aytib berolmayapti. Bu aniq bo‘lgandan keyin shunga qarab o‘rnatilgan tartibda fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘ramiz», deydi Baxtiyor Tursunov.

Uning aytishicha, yonayotgan uydan qochib chiqib, fojiadan omon qolgan, ayni paytda shifoxonada davolanayotgan O‘zbekiston fuqarosining davolanish xarajatlari ham Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumanidagi bir qavatli yog‘och uyda yong‘in ro‘y berib, uyning 208 metr kvadrat maydoni yonib ketgan. Yong‘in oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, ulardan 10 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlangan. Ikki kishi yonayotgan uydan qochib chiqishga ulgurgan. Yonib ketgan uyda jami bo‘lib 14 kishi yashagani, ular «Grinvud» yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lgan aytilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga asosan hodisa yuzasidan hukumat komissiyasi tuzilgan.

Mavzuga oid

E`lonlar