Jamiyat | 19:50 / 24.01.2020
79324
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Toshkentda zilzila oqibatida institut xonasidagi shift ko‘chib tushdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 24 yanvar, juma kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutida xona shifti ko‘chib tushganiga doir videoxabarlar tarqaldi.

Bu holat zilzila vaqtida ro‘y bergan.

Ushbu holat yuzasidan Qurilish vazirligi matbuot xizmati izoh berdi.

«Videoda aks etgan o‘quv xonasida 2019 yilning oktabr oyidan beri dars mashg‘ulotlari olib borilmaydi. Mazkur bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4565-sonli qaroriga asosan kapital ta'mirlash manzilli dasturiga kiritilgan. Ushbu binodagi o‘quv jarayonlarini Yunusobod tumanidagi Mashinasozlik kasb-hunar kolleji binosida davom ettirish ishlari olib borilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Paxtakor ko‘chasi 3-uyda joylashgan ushbu bino 1950 yil qurilgan. Kapital ta'mirga muhtoj mazkur binoning 3-qavatidagi 310–auditoriya shifti osilib qolgani sababli 2019 yilning oktabr oyidayoq yopib qo‘yilgan. 2020 yil 24 yanvar kuni kunduzi esa yer silkinishi oqibatida xona shiftining 5 kv.metri ko‘chib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Oliy ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzildi, voqea joyiga borilib, vaziyatni o‘rgangan holda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

24 yanvar kuni soat 12:10 atrofida Toshkent shahrida Tojikistonda ro‘y bergan yerosti silkinishlari sezildi. FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi axborotiga ko‘ra, zilzila Toshkentdan 317 km janubi-sharqiy yo‘nalishda Tojikiston hududida sodir bo‘lgan. Epimarkazda uning kuchi 5,5 magnitudaga teng bo‘lgan. Toshkent shahrida zilzila kuchi 2—3 ballga teng bo‘lgan bo‘lsa, Farg‘ona shahrida 4 ballni tashkil etdi.

Mavzuga oid