Jamiyat | 19:20 / 31.01.2020
45184
5 daqiqa o‘qiladi

6-sinf o‘quvchisidan murojaat: «Maktabimizning ahvoli...»

Qibray tumanidagi 11-maktabning 6-sinf o‘quvchisidan maktabidagi ahvol tasvirlangan maktub oldik. Ma'lum bo‘lishicha, maktab oxirgi marta 13 yil oldin ta'mirlangan...

Tahririyatimizga 6-sinf o‘quvchisidan murojaat kelib tushdi. Bizga maktub yo‘llagan kichkina janobning yozishicha, u o‘qiydigan maktab ta'mirlanmagan, zamon talabiga javob bermas ekan.

Bu murojaatga befarq bo‘la olmadik. Navqiron avlod ham kamchiliklarni yashirish emas, oshkor etish va o‘z o‘rnida hal qilish kerakligini anglayotganidan mamnun bo‘ldik. Modomiki bu avlodning dunyoqarashi, atrof-dunyoga bo‘lgan nazari ijobiy shakllanayotgan ekan, qarsakbozlik, maddohlik, lo‘ttivozliklarga yomon ko‘z bilan qarash shakllanayotgan ekan, ertangi kunimizga ko‘proq umid qarashga asoslarimiz bor.

Murojaat ortidan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 11-sonli maktabda bo‘lib, maktab direktori bilan suhbatlashdik.

– Muammolarni yashirmasdan, aksincha, ochiqlashga qanday qaraysiz?

– O‘zim shuning tarafdoriman. Muammolar haqida gapirilsa, natijada ular bartaraf etilsa, yaxshi bo‘ladi faqat.

– Yosh avlod tobora ziyrak, kamchiliklarga murosasiz, dunyoqarashi maddohlikdan xoli bo‘lib boryapti. Bu sizni xursand qiladimi?

– Albatta xursand qiladi. Bu – ularning dunyoqarashi o‘sayotganidan dalolat. Biz bugun demokratik davlat qurmoqdamiz, yoshlarimiz ham chekkada qolishmayapti – kamchiliklarni ochiq-oydin aytishga urinishmoqda.

– Siz boshqarayotgan maktabda atrofga befarq bo‘lmagan bolalar yetishib chiqayotgan ekan, bundan mamnunmisiz?

– Albatta.

– Endi u bola «maktabimizni sharmanda qilibsan», deb izza qilinmaydimi?

– Aslida biz kattalar kamchiliklar haqida gapirishimiz kerak edi.

Ma'lum bo‘lishicha, 1996 yilda qurilgan maktab oxirgi marta 2007 yilda ta'mirlangan. Muassasa 422 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozir unda 200ga yaqin o‘quvchi o‘qiyapti. Direktorning aytishicha, maktab 2019 yilda joriy ta'mirlanishi kerak bo‘lgan, ammo o‘quvchilar soni kamligi sababli mutasaddilar ta'mirlashni cho‘zib kelishmoqda.

Hali aytganimizdek, ko‘plab murojatlar ichida aynan bu murojaatni o‘rganishimizga sabab – uning ayrichaligi: 6-sinf o‘quvchisi tomonidan kelib tushgani bo‘ldi. Davlatimiz aynan kamchiliklarni yashirish, «sen menga tegma, men senga tegmayman» oqibatida muammolar girdobida qolib ketdi. Bunga o‘rganib qolgan bir emas – ikki avlod ham yetishib chiqishga ulgurdi deyarli. Shuning uchun ham qarashlarimizni o‘zgartirishimiz qiyin bo‘lyapti.

Kamchiliklarni yashirish bilan biz o‘z farzandlarimizning kelajagini o‘z qo‘limiz bilan ko‘rimsiz holga keltirayotganimizni, cheksiz muammolarimizni ularga meros qilib qoldirayotganimizni sezmaymiz, anglamaymiz hatto.

Endigi umidimiz yangi – o‘sib kelayotgan avloddan. Aynan shu avlodni chor-atrofga befarq bo‘lmagan, yolg‘on va ikkiyuzlamachiliklarga murosasiz, maddohlikka nisbatan nafratli, «vatanparvarlik» deganda maqtanchoqlikni emas, balki yurtni kamchiliklardan tozalash deb tushunadigan, yo‘llarda yotgan ozorlarni aylanib o‘tmasdan, balki ularni ketkazadigan avlod bo‘lib yetishishini ta'minlashimiz lozim.

Bu vazifaning katta qismi esa – pedagoglarning egnida. Aynan pedagoglar yosh avlodda atrofga, hayotga to‘g‘ri munosabatni shakllantirishda katta o‘rin tutadilar. Ular yolg‘onlarga, befarqlikka, ko‘zbo‘yamachiliklarga, behimmatliklarga, ko‘pchilikning haqiga xiyonatkorliklarga nisbatan murosasizlikni singdirishlari lozim. Navqiron qalblarning pok tuyg‘ulari zavolga uchrashiga to‘siq bo‘lishlari lozim. Shundagina yorqin kelajakka yo‘l ochilishi mumkin.

Darvoqe, yo‘l haqida. Maktabga olib boradigan yo‘llarga ko‘zimiz tushdi. Shunday yo‘llarni kechib bolalar maktabga borishar ekan. Ularning ongida «nega bu yo‘llar yildan yilga tuzatilmaydi?», degan o‘rinli savol tug‘ilayotgan bo‘lishi turgan gap. Zero ularning ongi toza. Hozircha.

Muhammad Shakur,
Rahmatillo Isroilov
.

Mavzuga oid