Jahon | 22:24 / 01.02.2020
11968
2 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari Trampning «asr kelishuvi»ni rad etdi

Arab davlatlari ligasi (ADL) Falastinni qo‘llab-quvvatladi va Falastin-Isroil mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan "asr kelishuvi"ni rad etdi.

Arab davlatlari ligasi kengashi (arxiv)

Bu haqda arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining shoshilinch yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

"Arab davlatlari vazirlarining Qohirada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilingan qaror Trampning rejasi rad etilishini tasdiqlaydi", - dedi Falastin tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar "jahon hamjamiyatini bu adolatsiz rejaga rozi bo‘lmaslikka chaqirgan". 

"Biz Islom hamkorlik tashkiloti, Afrika ittifoqi va Qo‘shilmaslik harakatining qo‘llab-quvvatloviga erishamiz", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

ADL bosh kotibi Ahmad Abu al-G‘aytning aytishicha, "qaror barcha arab davlatlari tomonidan qabul qilingan va "asr kelishuvi" rad etiladi". 

Yakuniy bayonot matnida ushbu reja "Amerika-Isroil" rejasi deb atalgan.

Avvalroq Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos AQSh prezidenti Donald Tramp "asr kelishuvi"ni e'lon qilganidan so‘ng AQSh va Isroil bilan aloqalar uzilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid