Jahon | 23:11 / 04.02.2020
15144
2 daqiqa o‘qiladi

JSST yangi koronavirus tarqalishini pandemiya deb tan olmadi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoydagi yangi koronavirusni pandemiya deb tan olmadi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, hozircha gap koronavirusning ko‘plab tarqalish o‘choqlariga ega epidemiyasi haqida bormoqda.

Foto : EPA

Ta'kidlanishicha, 2019-nCoV koronavirusi tarqalishi uni pandemiya, ya'ni dunyo miqyosidagi kuchli epidemiya deb tan oladigan darajaga yetmagan. Bu haqda JSSTning pandemik va epidemik kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Silviya Brian matbuot anjumanda ma'lum qildi.

“Hozircha bizda pandemiya yo‘q, biz koronavirusning ko‘plab o‘choqlarga ega epidemiyasi bosqichidamiz va bu o‘choqlardan har birini yo‘qotishga harakat qilmoqdamiz”, deb aytgan JSST vakili.

3 fevralda JSST bosh direktori Tedros Gebreyyesus dunyo “global pandemiyaga xavfli darajada tayyor emasligini” aytgan.

“Biz kasallikning tarqalishiga qarshi kurashga pullarni sochamiz, biroq u tugaganda, bo‘lib o‘tgan voqealarni unutib, keyingi kasallikning oldini olish uchun hech narsa qilmaymiz. Bunday kaltabinlik xavflidir va rostini aytganda, tushunarsiz. Biz tayyorgarlikni uddalay olmasak, unda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutamiz”, deb ogohlantirgandi JSST bosh direktori.    

30 yanvarda JSST favqulodda yig‘ilishida Xitoydagi koronavirusni xalqaro miqyosdagi favqulodda holat deb e'lon qilgandi.  

Turli mutaxassislar 20 dan ko‘proq davlatda qayd qilingan 2019-nCoV koronavirusi tarqalishi tobora pandemiyani eslatayotganidan ogohlantirishmoqda.

XXI asrdagi birinchi pandemiya 2009 yilda cho‘chqa grippi A (H1N1) tarqalishi bo‘lgan. JSSTning baholashicha, ushbu kasallikdan vafot etganlar soni 100 mingdan 400 minggachani tashkil qilgan. 2010 yil avgustda ushbu pandemiya to‘xtagani e'lon qilingan.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid