O‘zbekiston | 22:46 / 06.02.2020
145689
2 daqiqa o‘qiladi

Qabristonda mayyitlarning tilla tishini sug‘urib olishga uringan shahrisabzlik ayol aholi tomonidan kaltaklangan

Ijtimoiy tarmoqlarda «samosud» holati tasvirlangan yana bir video tarqaldi. Videotasvirlarda o‘rta yoshlardagi ayol bir guruh fuqarolar tomonidan kaltaklanayotgani aks etgan.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining Kun.uz`ga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, bu holat 2019 yilning 1 sentyabrida Kitob tumani «Ulug‘bek» MFYda kuzatilgan.

«Shahrisabzlik U.Sh. ismli ayol «Qabrioxun» qabristonida o‘ziga notanish bo‘lgan marhum A.T.ning qabrini qazmoqchi bo‘lgan. O‘sha paytda mahalla fuqarolari tomonidan tutib olingan. Aholi begona ayolning qabristondagi xatti-harakatidan qattiq g‘azablanib, uni kaltaklashgan. 

Dastlab U.Sh.ga nisbatan Kitob tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 134-moddasi (qabrni tahqirlash) bilan ish ochilgan. Ammo, kam ahamiyatli ekanligi inobatga olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Kaltaklangan ayol IIBga hech qanday shikoyat qilmagan. Biroq, videoda tasvirlanganidek, unga tan jarohati yetkazilgan. Shu sababli ayni paytda vaziyatga huquqiy baho berish uchun IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilyapti», deyiladi rasmiy axborotda.

Mavzuga oid