Putinga rossiyaliklarning ishonch darajasi ikki yil ichida ikki barobarga kamaygan
Rossiya prezidenti Vladimir Putinga rossiyaliklarning ishonch darajasi oxirgi 2 yil ichida deyarli 2 barobarga kamaydi. Ayni vaqtda Putinga 35 foiz rossiyaliklar ishonadi.
Bundan «Levada-sentr» nodavlat tadqiqotchilik tashkilotining yanvar oxirida o‘tkazgan so‘rovnomasi darak bermoqda.
So‘rovnomaga ko‘ra, Rossiya prezidentiga 35 foiz fuqarolar ishonadi. Bu 2019 yil sentyabrdagi ko‘rsatkichlardan 4 foiz kamroqdir.
So‘rovnoma 23-29 yanvar kunlari Rossiyaning 50 ta hududida 1603 kishi orasida ochiq tarzda o‘tkazilgan, ya'ni ishtirokchilarga ular ishonadigan 5-6 nafar siyosatchi ismini aytish taklif qilingan.
2017 yil noyabrda fuqarolarning Putinga ishonch darajasi 59 foizni tashkil qilgan. Shu tariqa ikki yil ichida davlat rahbariga ishonch darajasi 24 foizga pasayib ketgan.
“Levada-sentr” direktori Lev Gudkovning ta'kidlashicha, bu sezilarli pasayishdir. U buni rossiyaliklarning prezident yuritayotgan siyosatdan to‘ygani va g‘azabnokligi bilan tushuntirgan.
Shu bilan birga Putinning faoliyatini ma'qullash darajasi 60-70 foiz darajasida saqlanib turibdi. Gudkovning ta'kidlashicha, “bu prezidentning tashqi siyosatdagi faoliyati yuqori baholangan bir paytda, ichki siyosatdagisi tobora past baholanayotganini ko‘rsatadi”.
Putinga ishonch darajasi pasayganiga qaramasdan, Rossiya hukumatidagi asosiy vazirlarning reytingi oxirgi 4 oy ichida yuqorilamoqda: mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ishonch darajasi 13 foizdan 19 foizga, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ishonch darajasi 14 foizdan 17 foizgacha o‘sgan. Biroq shu bilan birga ularga ham oxirgi 2 yil ichida rossiyaliklarning ishonch darajasi pasaygan. 2017 yil noyabrda Shoyguga 23 foiz, Lavrovga 19 foiz rossiyaliklar ishonch bildirgan.
Bundan tashqari, sobiq bosh vazir Dmitriy Medvedevga ishonch darajasi 9 foizdan 5 foizgacha pasaygan. Yangi bosh vazir Mixail Mishustinga ishonch darajasi hozircha 3 foizni tashkil qilmoqda. Muxolifatchi Aleksey Navalniyga 3 foiz, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga 1 foizgina respondentlar ishonch bildirgan.
Yana 22 foiz so‘ralganlar siyosatchilardan birortasiga ishonmasligini, 17 foizi javob berishga qiynalishini aytgan.
Mavzuga oid
20:43
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024
Siyosatshunos Gallyamov: Tramp Putin uchun tuzoq qo‘ymoqda
09:58 / 12.11.2024