Jamiyat | 16:10 / 12.02.2020
12683
5 daqiqa o‘qiladi

Qishloq va shahar aholisiga nega ikki xil munosabat?

Bugungi kunda aholida katta e'tiroz kayfiyati saqlanib qolayotgan sohalardan biri sog‘liqni saqlash tizimi ekani ko‘pchilikka ayon. Albatta, buning turli sabablari bor.

20 yilcha avval tibbiyotda islohotlar boshlandi, chunki o‘sha vaqtda tibbiy muassasalar yillar davomida ta'minot yetarli bo‘lmagani uchun juda xarob holga kelib qolgan edi. Holatni to‘liq o‘rganib, tahlil qilmay turib, “chet elniki – zo‘r”, degan fikrda O‘zbekistonda Angliya modeli asosida tibbiyot isloh qilina boshlandi.

Ikkala model butunlay boshqacha g‘oyalarga qurilgani inobatga olinmay, sovet meditsinasi poydevoriga angliya tibbiyoti qurilishi boshlandi. Oliy toifali akusher ginekolog, oliy toifali pediatr, oliy toifali terapevtlarni 10 oy davomida o‘qitib, VOP (umumiy amaliyot shifokori)larni tayyorladik, deb rahbariyatga raport berildi.

Bu esa butun dunyo amaliyotida tushunarsiz holat edi, chunki yuqori malakali mutaxassis tayyorlash katta mablag‘ va vaqt talab qiladigan jarayon. Biz esa shunday mutaxassislarimizdan o‘z ixtiyorimiz bilan voz kechdik.

Islohotlar asosida statsionar xizmatini qisqartirib (nisbatan to‘g‘ri fikr), bo‘shagan mablag‘lar ambulator xizmatni rivojlantirish uchun sarflanishi rejalashtirilgan edi. Amalda ambulator xizmat yana g‘aribligicha qolib ketdi. Respublikaning barcha hududlarida ishlab turgan FAPlar tugatildi, qishloq vrachlik ambulatoriyalari o‘rniga QVPlar tashkil etildi.

Ambulatoriyada akusher ginekolog, pediatr, terapevt, xirurg, stomatolog faoliyat yuritgan bo‘lsa, endi stomatologdan boshqa barcha ish VOPga yuklandi va biz buni a'lo natija, deb dunyoga jar soldik.

Oradan 15 yildan ortiq vaqt o‘tsa hamki, xalqimiz bu tizimni qabul qilmadi. Lavozim vazifalari vrachlarning ish vaqti va imkoniyatlarini hisobga olinmay belgilangani, oylik ish haqining kamligi sababli vrachlar (ayniqsa yoshlar) bu muassasada ishlashni xohlamayapti. Islohotlarning salbiy natijalari ko‘proq qishloqlarda aholi e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Chunki 2017 yildagi “optimallashtirish” degan aqlli ibora bilan atalgan, aslida qisqartirish amalga oshirilgan jarayondan keyin qishloqdagi tibbiy muassasa o‘z vazifasini bajara olmay qoldi. O‘zingiz o‘ylang, QVP degan muassasa shu qishloqdagi barcha insonlarning salomatligi uchun javobgar bo‘lsa-yu, uning shtat jadvalida mudir, degan lavozim bo‘lmasa?..

Shu faktni aytganimda, soha mutasaddilari ishonmay, shtatlar jadvalini tekshirib ko‘rib, o‘zlari hayron bo‘lishdi, lekin ahvol o‘zgarmadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, QOP va QVPlar soat 8 dan 20 gacha ishlashi kerak. Lekin muolaja xonasi hamshirasi QVPda 1.0 o‘rin qilib belgilangan, bu 6 ish soati degani. Shunday ekan, kunning ikkinchi yarmida kim bemorga birinchi yordamni ko‘rsatadi?.. Bundan tashqari, bu hamshiraga emlash xonasi ham biriktirilgani umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Shaharlardagi poliklinikalarda fizioterapiya xizmati to‘liq olib boriladi. Nima sababdandir qishloqlarda QOP va QVPlarda bu tibbiy muolaja turi qisqartirildi. Endi yosh ona chaqalog‘i bilan, nogironligi bo‘lgan kishi hassasi bilan bu muolaja uchun tuman markaziga borishi kerak. Lekin tuman markaziy poliklinikasidagi fizioterapiya xonasi quvvati faqat o‘z atrofida istiqomat qiluvchi aholiga mo‘ljallangan...

O‘zi umuman, nima uchun biz tibbiyotni qishloq va shahar, deb ajratishimiz kerak? Maktablar shahar va qishloqniki, deb ajratilmaydi-ku. Tibbiyotda esa nomlanishining o‘zidan ajralib turadi: qishloq oilaviy poliklinikasi va shahar oilaviy poliklinikasi…

Ularning tarkibiy tuzilmasi, shtatlarida ham jiddiy farqlanish mavjud. Har bir shahar poliklinikasida tor mutaxassislar faoliyat yuritadi, qishloqda ularga ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylashadi shekilli, shtat berilmagan.

Prezidentimiz aholi farovonligini ta'minlash uchun urbanizatsiyani rivojlantirishimiz kerak, demoqdalar. Bu qishloq aholisi uchun shahar sharoitini yaratish deganidir. Ba'zi rahbarlarimiz esa haliyam qishloq aholisiga “bo‘laveradi”, degan tushunchadan voz kecha olmayaptilar.

Xulosa shuki, tibbiyotda islohot zarur. Faqat bu islohot xalqni dardiga malham bo‘lishi, uning ehtiyojlarini qondirishi va albatta adolatli bo‘lishi kerak.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
XDP fraksiyasi a'zosi

Mavzuga oid